Welcome to Statistika qo'mitasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika qo'mitasi Powered By GSpeech

 

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarning davlat statistika organlarida ijrosi to`g`risida 2017 yil yanvar-dekabr holatiga ma`lumot

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi PF-4947-sonli Farmoni hamda ushbu Farmon bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Davlat statistika qo`mitasining 2017 yil 13 fevraldagi 5-sonli buyrug`i qabul qilingan.

Shu bilan birga, 2017 yil 21 fevralda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta`minlash bo`yicha Davlat statistika qo`mitasining kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Ushbu kompleks chora-tadbirlar rejasining har bir bandi bo`yicha tegishli mas`ul ijrochilar belgilangan va ijrosi nazoratga olingan.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi yuzasidan 2017 yilning yanvar-dekabr oylari davomida Davlat statistika qo`mitasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan:

Davlat dasturining 10-28-bandlarining ijrosini ta`minlash bo`yicha, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan 150 ta O`zbekiston Respublikasi qonunlari va Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etilishi ta`minlandi.

Shu bilan birga, Qo`mitaning mas`ul xodimlari qator qonun loyihalari va Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish bo`yicha tashkil etilgan ishchi guruhlarida muntazam faoliyat olib bordi.

Davlat dasturining 18, 27-bandlarining ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, yuridik shaxslarga aloqador axborotni taqdim etishning zamonaviy shakllarini amalga kiritish bo`yicha muhim masalalar, Qo`mita markaziy apparatida va hududiy statistika organlarida Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti mutaxassislari ishtirokida keng muhokama qilindi va ushbu muhokamalarda 810 nafar xodim ishtirok etdi.

Davlat dasturining 19-bandi ijrosini ta`minlash bo`yicha, Davlat statistika qo`mitasining Axborotlarni tarqatish, xalqaro axborot almashuv va jamoatchilik aloqalari boshqarmasi tomonidan davlat statistika organlari faoliyatining muhim jihatlari yuzasidan matbuot anjumanlarini o`tkazish bo`yicha 2017 yil uchun tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, shu yilning 1 may kuni Milliy matbuot markazida “Zamonaviy usullar va metodikalarni joriy etish, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari statistik ko`rsatkichlarini hisobga olish va tahlil etish tizimini takomillashtirish hisobiga statistik ma`lumotlarning sifati hamda shaffofligini oshirish yo`nalishlari va istiqbollari haqida” mavzusida, 26 dekabr kuni “Davlat statistika tizimida statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistika axborotlari sifatini va ularni tarqatish tizimini yaxshilash bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida” mavzusidagi matbuot anjumani o`tkazildi.

Bundan tashqari, 2017 yil 18 avgust kuni Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 2017 yilning ikkinchi yarim yilligida “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo`yicha o`tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi” asosida “Mustaqillik yillarida Davlat statistika tizimiga axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda tadbirkorlik sub`ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.

Davlat statistika qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasining yetakchi oliy o`quv yurtlarida joyiga chiqqan  holda seminar va davra suhbatlari tashkil etish yuzasidan shu yil 29 sentyabrda grafik ishlab chiqilib, unga muvofiq, 26 oktyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida, 29 noyabr kuni Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida va 28 dekabr kuni Toshkent moliya institutida pedagog xodimlari hamda talabalari ishtirokida “Milliy statistika tizimi, islohotlar, natijalar va kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar o`tkazildi.

Davlat dasturining 26-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika qo`mitasida Yagona idoralararo “Kadrlar” zamonaviy axborot tizimidan foydalangan holda Qo`mita markaziy apparati xodimlari va hududiy statistika organlari xodimlarining shaxsiy ma`lumotlari kiritib borildi. Shu bilan birga, 2017 yilning 27-29 noyabr kunlari Toshkent shahar va Toshkent viloyati statistika boshqarmalarining Kadrlar bo`limi boshliqlariga Yagona idoralararo “Kadrlar” zamonaviy axborot tizimidan foydalanish, unga xodimlarning shaxsiy ma`lumotlarini kiritish bo`yicha tegishli tushuntirishlar berildi va bosqichma-bosqich barcha hududiy statistika organlarining Kadrlar bo`limi boshliqlariga bunday tushuntirishlar berib boriladi.

Davlat dasturining 67-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, 2017 yilning 24 martidan boshlab Davlat statistika qo`mitasining rasmiy sayti (www.stat.uz)da “Raisning virtual qabulxonasi” ishga tushirilgan bo`lib, hozirgi kunda uzluksiz faoliyat yuritmoqda.

Davlat dasturining 68-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash, davlat statistika organlariga kelib tushayotgan murojaatlarni qonun hujjatlari talablari asosida ko`rib chiqish ishlarini takomillashtirish va tizim organlarining bu boradagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida, 2017 yil 11 aprelda Davlat statistika qo`mitasining 56-k-sonli buyrug`i qabul qilingan. Mazkur buyruqqa asosan Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparatida Murojaatlar bilan ishlash va ijro nazorati boshqarmasi tashkil etilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3165-son qaroriga asosan, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijro intizomi nazorati  boshqarmasi qayta tashkil etilgan.

Shu bilan birga, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalarida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijro intizomi nazorati bo`limi tashkil etilgan.

Davlat dasturining 70-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika qo`mitasining rasmiy saytida “Onlayn maslahat” ruknini bosqichma-bosqich joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va joriy yilning 1 martida tasdiqlangan. Shu bilan birga, ochiq kod orqali “Onlayn maslahat” maxsus dasturiy ta`minot tizimiga kirish bilan bog`liq o`rganish ishlari amalga oshirilgan va Davlat statistika qo`mitasining rasmiy saytida Mibew Messenger 2.2.0 erkin dasturiy ta`minoti negizida “Onlayn-maslahat” tizimi joriy qilingan.

Davlat dasturining 71-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika organlarida jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish, ularning og`zaki va elektron murojaatlarini qonunchilik talablari asosida ko`rib chiqilishini ta`minlashni yanada takomillashtirish maqsadida, 2017 yilning 28 fevralida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushadigan murojaatlarni ko`rib chiqish bo`yicha Davlat statistika qo`mitasining chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Mazkur chora-tadbirlar rejasiga asosan, Davlat statistika qo`mitasiga kelib tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ijrosining o`z vaqtida bajarilishi doimiy nazoratga olingan va murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan doimiy monitoring tashkil etilgan.

Xususan, 2017 yilning yanvar-dekabr oylarida Davlat statistika qo`mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar soni 2059 tani tashkil etgan. Shundan 46 tasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali105 tasi Davlat statistika qo`mitasi raisining virtual qabulxonasi orqali, 202 tasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan, 1592 tasi to`g`ridan -to`g`ri kelib tushgan murojaatlardir.

Kelib tushgan murojaatlar Qo`mita rahbariyati tomonidan nazoratga olinib, ularning barchasiga o`z muddatida to`laqonli javob yo`llanishi ta`minlangan.

Davlat statistika organlarida murojaatlar bilan ishlash bo`yicha olib borilayotgan tadbirlarning natijalari tegishli mas`ullar tomonidan tizimli tahlil va nazorat qilingan holda umumlashtirilib, Qo`mitaning kengaytirilgan Hay`at yig`ilishlarida keng muhokama qilinib borilgan.

Davlat dasturining 71-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika qo`mitasi tizimi xodimlari o`rtasida yuksak ma`naviy muhitni shakllantirish maqsadida tashkil etiladigan milliy g`oya targ`ibotini
va ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan 2017 yilning 6 martida tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, Davlat statistika qo`mitasi tizimida joriy yilning yanvar-dekabr oylarida xodimlarning ma`naviy-ma`rifiy, g`oyaviy-mafkuraviy dunyoqarashini yanada oshirish, siyosiy  va huquqiy bilimini rivojlantirish maqsadida 118 ta davra suhbatlari tashkil etildi.

Davlat dasturining 71-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika organlari tomonidan, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tavsiflovchi statistik kuzatuvlar tizimli ravishda amalga oshirildi va statistik axborotlar hamda tahliliy ma`lumotlar Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga belgilangan muddatlarda taqdim etib borildi.

Jumladan, 2017 yilning yanvar-dekabr oylarida davlat boshqaruvi organlarining 82 ta, yuridik va jismoniy shaxslarning 109 ta, korxona va tashkilotlarning 179 ta so`rovlariga asosan statistik ma`lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy statistik ko`rsatkichlari va tahliliy axborotlar Qo`mitaning rasmiy saytida muntazam joylashtirib borildi.

Davlat dasturining 113-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika organlarida tashkil etilgan Jamoatchilik maslahat kengashlari tomonidan har chorakda, tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish va tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarining ustuvorligini ta`minlash borasida davlat statistika organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan joriy yilning yanvar-dekabr oylarida 46 ta yig`ilishlar tashkil etilib, ushbu yig`ilishlarda, tadbirkorlik sub`ektlaridan kelib tushayotgan murojaatlar, ularda ko`rilayotgan masalalar, har bir murojaatning o`z vaqtida, qonun talablari asosida, puxta va adolatli ko`rib chiqilishini hamda ularda keltirilgan masalalarni amaliy hal etilishini ta`minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Davlat dasturining 174-bandi ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda nazorat qiluvchi organlarning kichik tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga aralashuvini va ular tomonidan o`tkaziladigan rejali tekshirishlar sonini yanada qisqartirish bo`yicha Kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Mazkur Kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlarni rejalashtirishda foydalanish uchun ular nazorati ostidagi kichik tadbirkorlik sub`ektlarining ro`yxati shakllantirilgan hamda elektron ko`rinishda joriy yilning 18 may kuni Davlat soliq qo`mitasiga yuborilgan.

Davlat dasturining 187-bandiga muvofiq, O`zbekistonning ob`ektiv reyting ko`rsatkichlarini egallashi  va ulardagi mavqeini oshirish uchun talab qilinadigan statistik hamda boshqa ma`lumotlarning xalqaro hisobotlarda chop qilinishiga doir cheklovlarni bekor qilish bo`yicha takliflar tayyorlash maqsadida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan davlat statistika organlarining faoliyati tanqidiy o`rganildi, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tajribasi va xalqaro statistik tashkilotlarning statistika faoliyatini tashkil qilish masalalari bo`yicha tavsiyalari tahlil qilindi, iqtisodiyot tarmoqlari va xududlar ko`rsatkichlarini statistikada aks ettirishda qo`llaniladigan usullar va yondashuvlar qayta ko`rib chiqildi.

Shuningdek, statistika organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining topshirig`iga muvofiq, Davlat statistika qo`mitasi tuzilmasiga o`zgartirishlar kiritish va uning funktsiyalarini kengaytirishni ko`zda tutuvchi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va 2017 yilning 2 iyunida Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

2017 yilning 31 iyulida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 3165-son Qarori tasdiqlandi va ushbu qaror doirasida “2017-2021 yillarda statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistika axborotlari sifatini va ularni tarqatish tizimini yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

Dastur yo`nalishlaridan biri, xalqaro statistik tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo`lib, bunda xalqaro statistik to`plamlarda respublikaning rivojlanishi to`g`risidagi ma`lumotlarni chop etish, xalqaro tavsiyalarga muvofiq ko`rsatkichlarni hisoblashning takomillashtirilgan metodikasini joriy etish masalalari keng o`rin olgan.

Buning uchun mazkur Dasturga xalqaro tashkilotlarning, jumladan BMTning Statistika bo`limi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining statistika bo`limi, yuNESKOning statistika instituti, FAO, eSKATO, MDH Statistika qo`mitasining sanoat, xizmatlar, qishloq xo`jaligi, transport, demografiya, ta`lim, innovatsiya sohalari va milliy hisoblar bo`yicha 17 ta savolnomalarini to`ldirish yo`li bilan O`zbekiston to`g`risidagi statistik ma`lumotlarni xalqaro tashkilotlarning elektron ma`lumotlar bazalari va maxsus nashrlarida joylashtirish bo`yicha tadbirlar kiritilgan.

Bundan tashqari, yuqorida qayd etilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida Xalqaro valyuta fondining Ma`lumotlarni tarqatish umumiy tizimi va Ma`lumotlarni tarqatish maxsus tizimiga qo`shilish bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi bo`yicha iqtisodiy va moliyaviy ma`lumotlarning qulayligi va ochiqligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi F-5054-son farmoyishi ijrosini ta`minlash maqsadida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan, 2017 yilning 14 sentyabrida maxsus buyruq va 25 sentyabrida kompleks chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan.

Shuningdek, farmoyishning 6-bandiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasini Xalqaro valyuta fondining kengaytirilgan Ma`lumotlarni tarqatishning umumiy tizimiga ulanishi yuzasidan Xalqaro valyuta fondi Statistika departamentiga 2017 yil 15 sentyabrda murojaat xati yuborilgan va 2017 yilning 25 oktyabrida XVFdan ijobiy javob xati olingan.

Bundan tashqari, iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy ko`rsatkichlarning Xalqaro valyuta fondi standartlariga mos kelishi yuzasidan inventarizatsiya o`tkazish ishlarini tashkillashtirish hamda doimiy ravishda ishlarni tizimli yo`lga qo`yish maqsadida, masalaga taalluqli vazirlik va idoralar bilan birgalikda joriy yilning 21 sentyabr kuni muhokama o`tkazilib, Idoralararo ishchi guruhi tarkibi tuzildi va uni tasdiqlashni so`rab Vazirlar Mahkamasiga xat yuborildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yil 2 oktyabrda 02/1-2305-son bilan Idoralararo ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.

Shu bilan bir qatorda, Davlat statistika qo`mitasi rasmiy-veb saytida Xalqaro valyuta fondining kengaytirilgan Ma`lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi talablari asosida milliy sahifa ochilgan bo`lib, zarur ma`lumotlar bilan boyitib borildi.

2017 yil 5 oktyabr kuni Qirg`iziston Respublikasi rasmiy delegatsiyasining O`zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Qirg`iziston Respublikasi Milliy statistika qo`mitasi bilan O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi o`rtasida statistika sohasida o`zaro anglashuv va hamkorlik  memorandumi imzolandi.

2017 yilning yanvar-dekabr oylarida, davlat statistika organlari tomonidan, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining statistika bo`limi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti, BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish statistika bo`limi, yuNESKOning statistika bo`limi, Jahon banki,  eSKATO, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki xalqaro tashkilotlaridan va Qozog`iston Respublikasi elchixonasidan kelgan savolnomalarga asosan qishloq xo`jaligi, ekologiya, tadbirkorlik, ta`lim, sog`liqni saqlash, migratsiya va transport sohalari bo`yicha respublikaning rivojlanishini aks ettiruvchi statistik ma`lumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, 2017 yilning yanvar-dekabr oylarida BMT Statistika bo`limi, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, yuNISEF, FAO, Yevrostat, SIATO, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Yevropa erkin savdo uyushmasi, Avstriya Milliy banki xalqaro tashkilotlari tomonidan Avstriya, Vengriya, Shveytsariya, Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Koreya, Serbiya, Tailand, Turkiya, Belorus, Litva, Chernogoriya, Gruziya, Qozog`iston, Ozarbayjon davlatlarida tashkil etilgan 40 ta xalqaro ilmiy-uslubiy konferentsiyalar, seminarlar va o`quv kurslarida davlat statistika organlari xodimlari xalqaro tajribalarni o`rganish maqsadida ishtirok etishdi.

Mazkur Davlat dasturining 198-bandiga muvofiq, mehnat bozori talablariga asosan, professional kadrlarni qayta tayyorlash yuzasidan qisqa muddatli trening va o`quv kurslarini o`tkazish bo`yicha nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini rag`batlantirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish bo`yicha tuzilgan ishchi guruhida Qo`mitaning mas`ul xodimi joriy yilning aprel-iyul oylarida muntazam ishtirok etdi.

Davlat dasturining 199-bandiga muvofiq, Qo`mita tomonidan har bir tuman va shaharlar bo`yicha bilim va ta`lim sohalari kesimida kasb-hunar kollejlari soni, ulardagi o`quvchilar soni, qabul qilinganlar soni, bitiruvchilar va kutilayotgan bitiruvchilar soni to`g`risidagi statistik ma`lumotlar tayyorlanib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etilgan.

Davlat statistika tizimida ko`p yillar ishlagan va nafaqaga chiqqan kam ta`minlangan, yolg`iz, nogiron va bemor qariyalar hamda ishlovchi pensiya yoshidagi xodimlarni qo`llab-quvvatlash, rag`batlantirish, ularning madaniy hordiq chiqarishlariga va sog`liqlarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, 2017 yilning yanvar-dekabr oylarida pensiya yoshidagi xodimlarning 212 nafariga 97,9 mln so`m miqdorida moddiy yordamlar va  143 nafariga 13,6 mln so`m miqdorida esdalik sovg`alar berildi.

Shuningdek, tizimda uzoq yillar mehnat qilgan 232 nafar keksa faxriylarning teatr, kontsert va boshqa madaniy tadbirlarga tashrifi tashkil etildi, 74 nafar keksalarning respublikaning tarixiy shaharlariga, muqaddas joylarga va ziyoratgohlarga sayohati tashkil etildi.

Shu bilan birga, tizimda ishlovchi pensiya yoshidagi xodimlarning 118 nafari tibbiy ko`rikdan o`tkazildi va 7 nafari yuqumli kasalliklarga qarshi vaktsinatsiya qilindi.

Keksa avlod vakillarining bilimi va tajribasidan foydalanish maqsadida mehnat jamoalarida “Avlodlar uchrashuvi”, “Kasbim-faxrim” mavzusida tadbirlar tashkil etildi.

Tizimda mehnat qilayotgan xodimlarni sog`lig`ini qayta tiklash maqsadida 34 nafar xodimga sog`lomlashtirish oromgohlariga (sanatoriylarga) imtiyozli yo`llanmalar va tizimda mehnat qilayotgan xodimlarning farzandlariga yoz mavsumida mazmunli dam olish va sog`liqlarini tiklash uchun bolalar oromgohlariga 53 ta yo`llanmalar berildi.

Davlat statistika organlarida ishlovchi yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning faolligini oshirish, yuksak ma`naviyatli, mustaqil va zamonaviy fikrlovchi, qat`iy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlarni tarbiyalash maqsadida, tizimda faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar ishtirokida 134 ta davra suhbatlari va seminarlar o`tkazildi.

2017 yil 24 mart va 18 may kunlari Davlat statistika qo`mitasi huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalarining mas`ul xodimlari ishtirokida kengaytirilgan davra suhbatlari bo`lib o`tdi.

Ushbu davra suhbatlarida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining mazmun-mohiyati hamda uning ijrosini ta`minlash bo`yicha Davlat statistika qo`mitasi tomonidan qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 iyuldagi PQ-3165-son qarorining ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida, Davlat statistika qo`mitasining 2017 yilning 1 avgustida qabul qilingan 55-sonli buyrug`iga muvofiq, 3 avgustda “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3165-son qarorini tizim xodimlari o`rtasida o`rganish bo`yicha o`tkaziladigan seminarlar reja-jadvali tasdiqlandi.

Tasdiqlangan reja-jadvalga asosan, 2017 yilning 8 avgust kuni Davlat statistika qo`mitasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 iyuldagi PQ-3165-son qarorini tizim xodimlari o`rtasida o`rganish bo`yicha seminar o`tkazildi. Shu bilan birgalikda, xuddi shunday seminarlar Qo`mita markaziy apparatining barcha boshqarmalari va bo`limlarida, 8-10 avgust kunlari barcha hududiy statistika boshqarmalarida, tuman (shahar) statistika bo`limlarida o`tkazildi.

Seminarlarda PQ-3165-son qarorining mazmun-mohiyati, talablari, Davlat statistika qo`mitasi va uning hududiy bo`linmalari faoliyatining ustuvor yo`nalishlari, statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistika axborotlari sifatini va ularni tarqatish tizimini yaxshilash chora-tadbirlari, hamda davlat statistika tizimi xodimlarining ushbu qarordan kelib chiqadigan vazifalari to`g`risida atroflicha tushuntirishlar berib o`tildi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 avgustdagi “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi F-5024-son farmoyishi ijrosini ta`minlash maqsadida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan 2017 yilning 18 avgustida 65-sonli buyruq qabul qilindi.

O`z navbatida, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan mazkur farmoyishda belgilangan vazifalarning so`zsiz ijrosini ta`minlash, jumladan Harakatlar strategiyasini 2018 yilda amalga oshirish bo`yicha ishlab chiqiladigan Davlat dasturi loyihasiga takliflar tayyorlandi va ushbu takliflar 2017 yilning 13 sentyabrida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hamda Bosh prokuraturaga taqdim etildi.

Axborotdan foydalanuvchilar, jumladan yoshlarning Qo`mita rasmiy saytining mazmuni va ko`rsatilayotgan interaktiv xizmatlardan qoniqishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish orqali so`rovlar o`tkazish bo`yicha “Feysbuk” ijtimoiy tarmog`ida Davlat statistika qo`mitasining sahifasi ochildi va hozirgi kunga kelib asosiy foydalanuvchilar soni 200 tadan oshdi.

Yanvar-noyabr

Yanvar-oktyabr

Yanvar-sentyabr

Yanvar-avgust

Yanvar-iyul

Yanvar-iyun

Yanvar-may

Yanvar-aprel

Yanvar-mart

 

 

 

  • ASOSIY SAHIFA
  • QO`MITA HAQIDA
  • AXBOROT XIZMATI
  • INTERAKTIV XIZMATLAR
  • OCHIQ MA’LUMOTLAR
  • MUROJAATLAR
  • KONTAKTLAR
  • Tugmani bosing Tinglash