2018 yil 10-11 dekabr kunlari Turkmanistonning Ashxabod shahrida Tashqi savdo statistikasi bo`yicha seminar bo`lib o`tdi. Mazkur seminar Yevrostat tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminar treningda Davlat statistika qo`mitasining Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasining Tashqi va ichki savdo statistikasi bo`yicha yig`ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo`limi yetakchi mutaxassisi Z.Abduxamidov ishtirok etdi.
Seminar treningda Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Ukraina va O`zbekiston statistika idoralari xodimlari hamda Turkmaniston statistika idorasi, BMT, Yevropa erkin savdo uyushmasi va Yevrostat vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu seminar davomida tashqi savdo statistikasining umumiy qoidalari, asosiy tamoyillari, ushbu tamoyillarni amaliyotda qo`llash tartiblari va kontseptual asoslari keng yoritilib, ma`lumotlarning sifat nazoratiga qo`yilgan talablar bo`yicha tinglovchilarga tushunchalar berildi. Shuningdek, seminar davomida xalqaro standartlarga muvofiq tashqi savdo ko`rsatkichlarini shakllantirishda Turkmaniston tajribasi va ma`lumotlar bazasini EUROTRACE dasturiy ta`minotiga biriktirish bo`yicha qilingan harakatlar, ish jarayonida duch kelingan qiyinchiliklar, yutuqlar va kelgusidagi rejalari bilan o`rtoqlashildi.
Axborot xizmati