2018 yil 27 noyabr kuni soat 11-00da O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Milliy iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida islohotlarning borishini tavsiflovchi statistik axborotlarning ob`ektivligi va dolzarbliligini yanada takomillashtirish yo`nalishlari va istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, mamlakat hukumati tomonidan foydalanuvchilar uchun rasmiy statistika ma`lumotlarini maksimal darajada ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini ta`minlash bo`yicha qat`iy choralar ko`rilmoqda. O`z navbatida, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan 2017 yilning 1 noyabridan boshlab, www.stat.uz rasmiy saytining yangilangan shakli ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Saytning yangilangan shakli foydalanish uchun qulay bo`lgan interfeysda yaratilgan. Unda foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida statistik ma`lumotlar bir bo`limda yaxlitlangan, tahliliy ma`lumotlar va press-relizlar chop etilishi yo`lga qo`yilgan, barcha ma`lumotlar uch tilda (o`zbek, rus va ingliz) joylashtirib boriladi.
Mamlakatimiz va viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini infografika, diagramma, video, maqola, tahliliy materiallar, taqqoslashlar va boshqa zamonaviy usullar shaklida muntazam yoritib borish borasida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin va samarali hamkorlik o`rnatilgan.
Bundan tashqari, tadbirda Davlat statistika qo`mitasining Facebook ijtimoiy tarmog`ida sahifasi va Telegram messenjerida guruhi ochilgani bo`yicha ma`lumotlar berib o`tildi.
Davlat statistika qo`mitasi tomonidan BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro valyuta fondi, Yevrostat va boshqa halqaro tashkilotlar va statistika institutlari bilan statistik hisobotlarning uslub va uslubiyotlarini takomillashtirish va ularni umume`tirof etilgan halqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo`yicha faol ish olib borilayotganligi ta`kidlandi. Xususan, kichik korxonalar, mikrofirmalar, dehqon va fermer xo`jaliklari statistik kuzatuvlari takomillashtirildi, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida norasmiy faoliyatni iqtisodiyotning turli sektorlarida muntazam statistik kuzatuvlari tizimi kengaytirildi, inflyatsiya darajasini hisoblash va monitoringining yangi uslubiyati joriy etildi, “Milliy hisoblar tizimi — 2008” tavsiyalari asosida hisobning uslub va uslubiyatlari takomillashtirildi.
Davlat statistika organlari oldida turgan global muammolardan biri xorijiy mamlakatlar axborot resurslarida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi haqida ishonchli va aniq statistik ma`lumotlarni joylashtirib borish hisoblanadi.
Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy o`quv yurtlarida seminarlar va davra suhbatlari o`tkazilmoqda va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Yuqoridagilar qatorida, matbuot anjumani davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari besh yillik qiyosiy statistik tahlillar ko`rinishida taqdim etildi.
Matbuot anjumanida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.
Axborot xizmati