31/10/2018

Mazkur seminar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Statistika qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi hamda Rossiya Federatsiyasining Davlat statistika Federal xizmati tomonidan tashkil qilindi.

Seminarning asosiy maqsadi, ishtirokchilarni aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishning tashkiliy, uslubiy va moliyaviy jihatlari hamda Rossiya Federatsiyasida sinov asosida o‘tkazilayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri bilan bevosita tanishtirishdan iborat.

Ushbu o‘quv seminarda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi davlatlari milliy statistika idoralari rahbar va mutaxassislari va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Statistika qo‘mitasi rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan, mazkur tadbirda Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Q.Berdiqulov, Demografik ko‘rsatkichlarni shakllantirish va tahlil etish bo‘limi boshlig‘i Sh.Dusnaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Bekmuratov, Sirdaryo viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Maxkamovlar ishtirok etishdi.

O‘quv seminarlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi statistika qo‘mitasida va Rossiya Federatsiyasi Davlat statistika Federal xizmatining Novgorod viloyati bo‘yicha hududiy organida o‘tkazildi.

O‘quv seminar davomida, aholini ro‘yxatga olishning normativ-huquqiy bazasi, metodologiyasi, tashkiliy masalalari, xodimlarni o‘qitish va axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish tartibi, ma’lumotlarni to‘plashni amalga oshiruvchi shaxslar mehnatiga haq to‘lash shartlari o‘rganildi.

Axborot xizmati