2018 yilning 13-14 sentyabr kunlari Olmaota shahrida (Qozog`iston) Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) “Salohiyat va bilimlarni oshirish (KSTA) 9356-REG (Rivojlanish uchun ma`lumotlar)” nomli texnik ko`mak loyihasi boshlanishiga bag`ishlangan forum va “Milliy hisoblar tizimi 2008 yil” (MHT-2008) bo`yicha trening bo`lib o`tdi. Unda OTB ga a`zo bo`lgan 9 mamlakatning (Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Pokiston, Tojikiston, O`zbekiston, Mug`iliston, Xitoy, Gruziya) statistika idoralari, moliya vazirliklari, iqtisodiyot vazirliklari va markaziy banklari vakillari hamda OTB, BMT ning Statistika bo`limi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining milliy hisoblar bo`yicha ekspertlari ishtirok etdilar.
Ushbu tadbirda O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasidan Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig`i – A. Mamirov ishtirok etdi.
Forum va trening davomida texnik ko`makni amalga oshirish va mazkur loyiha doirasida ko`zda tutilgan kelgusi tadbirlar bo`yicha umumiy ma`lumotlar berib o`tildi. Shuningdek, MHT-2008 asoslari, Resurslar va ishlatilish jadvallari, Xarajatlar va ishlab chiqarish jadvallarini tuzish, MHT ma`lumotlaridan iqtisodiy baholashlarda foydalanish, statistik biznes registrlarning roli kabi masalalar ko`rib chiqildi. Har bir ishtirokchi davlat vakillari tomonidan milliy hisobchilikning hozirgi holati va uslubiy asoslari, mavjud muammoli masalalar va kelgusi rejalarni yoritgan holda mamlakatning statistika tizimi bo`yicha prezentatsiyalar o`tkazildi.