Davlat statistika qo‘mitasida 2019-yil 9–13-dekabr kunlari Belarus Respublikasining Minsk shahrida aholini ro‘yxatga olish sohasida Belarus Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi tajribasini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv seminari natijalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Mazkur taqdimotda Davlat statistika qo‘mitasi Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasidan Z.Yuldoshyev, T.Sidikov va O.Sidikov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va interaktiv davlat xizmatlari boshqarmasidan M.Kuznetsov, Ochiq ma`lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasidan K.Saparov hamda Toshkent shahar statistika boshqarmasidan O.Abdurahmonov xizmat safari davomida olgan ma'lumot va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Taqdimot davomida aholini ro‘yxatga olishning uslubiy va huquqiy normativ hujjatlarini ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish dasturini tuzish, sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tartibi, ma’lumotlarni yig‘ish, ularni qayta ishlash bo‘yicha dasturiy ta’minot bilan ta’minlash kabi qator aholini ro‘yxatga olish tadbiriga oid dolzarb masalalar bo‘yicha bilim va tajribalar muhokama qilindi.
Taqdimot davomida yuqoridagi mavzular bo‘yicha olingan bilim va tajribalar yuzasidan fikr-mulohaza almashinib, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Axborot xizmati