2019-yil 16-dekabr kuni Dаvlаt stаtistikа qo‘mitаsi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida hududiy statistika boshqarmalarining Narx statistikasi bo‘limi boshliqlari ishtirokida o‘quv-seminari tashkil etildi.
O‘quv seminarida Narx statistikasi bo‘limi boshliqlarining 2019-yil davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglanib, faoliyat davomida yuzaga kelayotgan mavjud kamchiliklar muhokama qilindi.
Tadbirda narxlar statistikasiga oid barcha kuzatuvlarni, jumladan, iste'mol narxlari indeksi kuzatuvlarini samarali tashkil etish mexanizmi, ularni amaliyotga to‘g‘ri tadbiq etish, mamlakatning ichki iste'mol bozorlarida shakllanayotgan narxlar va ularning o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan omillarni puxta tahlil qilish, iste'mol narxlari indeksi kuzatuvlarini amalga oshirish bo‘yicha dislokatsion shahar va tumanlar tanlovi mezonlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Narxlarni kuzatish uchun shahar va tumanlarni tanlab olish mezonlari aniqlandi va tahlil qilindi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va narx ma'lumotlarini to‘plash va qayta ishlashni maksimal darajada avtomatlashtirish muhimligi ta'kidlandi. Iste'mol narxlari monitoringini CAPI texnologiyaasidan foydalangan holda planshet qurilmalaridan joriy etishning afzalliklari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga ishlab chiqaruvchilarning sanoat tovarlari narxlari va korxonaning xarid qilingan moddiy resurslari o‘rtacha narxlari to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berildi. Bu borada 2020-yilda joriy qilinayotgan o‘zgarish va yangiliklar to‘g‘risida axborot berildi. Shuningdek, narxlar statistikasi bo‘yicha 2020-yil uchun qabul qilingan davlat statistika kuzatuvlari shakllariga 2019-yilga nisbatan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ma'lumot berildi.
O‘quv seminarda Davlat statistika ishlari dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash, elektron hisobotlar qabul qilinishi va tanlanma kuzatuvlar qamrovi hamda ma'lumotlar sifatiga jiddiy e'tibor qaratish, bu borada shaxsiy mas'uliyatni yanada oshirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
O‘quv seminari yakunida Narx statistikasi bo‘limi faoliyatining tashkiliy masalalari yuzasidan seminar ishtirokchilari o‘rtasida fikr-mulohaza almashilib, vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rish lozimligi ta'kidlandi.
Axborot xizmati