17/12/2019

2019-yil 9–11-dekabr kunlari Tailandning Bangkok shahrida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi milliy statistikani takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Keniya, Qirg‘iziston, Malayziya, Pokiston, Filippin, Shri-Lanka, Tailand, Ukraina, Zimbabve, Vetnam, Ruanda statistika idoralari xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Xizmatlar, transport va axborot infratuzilmasi sohasida tizimli statistik kuzatuvlar bo‘limi boshlig‘i Alisher Raximov ishtirok etdi.

Tadbirda fuqaroligi bo‘lmagan aholini ro‘yxatga olish, shakllanadigan statistik ma'lumotlar metodologiyasini takomillashtirish (qochoqlar statistikasini yuritish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar asosida) kabi masalalar muhimligi xususida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda BMT fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar statistikasini takomillashtirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatayotgani ta'kidlandi. Ushbu tashabbus milliy darajadagi statistikani takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Bunga erishish uchun BMT fuqaroligi bo‘lmagan aholi yashayotgan  mamlakatlarning texnik ekspertlari uchrashuvini tashkil etmoqda.

Axborot xizmati