13/12/2019

2019-yil 13-dekabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Open Data Day 2019”, “Open Data Challenge 2019” xakatoni (dasturchilar forumi) va “Ma'lumotlar jurnalistikasi, ma'lumotlarni vizualizatsiya qilish hamda dasturiy qayta ishlash” mavzusida seminar trening, ochiq ma'lumotlar asosida eng yaxshi jurnalistik materiallarni tayyorlash bo‘yicha tanlov tashkil etildi.

Uch kun davom etadigan mazkur tadbirlar Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki (IT-park), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, yeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Jahon banki va O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Tadbirda ta'kidlanganidek, “Open Data Challenge 2019” xakatonini tashkil etishning asosiy maqsadi ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda mahsulotlarni ishlab chiqishdan iborat. Ushbu loyiha davlat, ijtimoiy tarmoqlar, tadbirkorlik va O‘zbekiston iqtisodiyotida axborot texnologiyalarida ochiq ma'lumotlarni rivojlantirishga qaratilgan tanlovni o‘tkazishni nazarda tutadi. Tanlov g‘oyalar taqdimoti ko‘rinishida o‘tkaziladi.

 Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ochiq ma'lumotlarning O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali hamda rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi va muntazam yangilab turilishi ustidan doimiy monitoringi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada Buyuk Britaniya, Koreya, Singapur, Rossiya, Belarus va Qozog‘istonning Ochiq ma'lumotlar portallari o‘rganib chiqildi.

 Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyihalarni boshqarish milliy agentligi bilan birgalikda 2019-yil 1-avgustdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalini ingliz tilidagi versiyasi ishga tushirildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Ochiq ma'lumotlar global indeksi" va “Ochiq ma'lumotlar barometri" xalqaro reytinglarida ishtirok etish imkonini beruvchi tegishli ma'lumotlar toifalarini O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar portalida chop etish uchun jahon tajribasi o‘rganildi xamda  zarur asosiy ko‘rsatkichlar ishlab chiqilmoqda.

Axborot xizmati