11/12/2019

2019-yil 11-dekabr kuni “Radisson Blu Tashkent” mehmonxonasining “Grand Ball Room” konferensiyalar zalida Davlat statistika qo‘mitasi hamda Jahon banki ekspertlari guruhi ko‘magida “Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi – 2020-2025” loyihasi bo‘yicha seminar tashkil etildi.

Seminarda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va markaziy apparati xodimlari, Jahon banki ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Xalqaro seminarni Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich ochib berib, “Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi – 2020-2025” loyihasining ahamiyati borasida atroflicha so‘z yuritdi.

Seminarda ta'kidlanganidek, xalqaro amaliyotda ko‘pchilik davlatlarda Jahon banki yordamida “Milliy statistikani rivojlantirish strategiyasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, u barcha milliy statistikani ishlab chiqaruvchilarning rivojlanish yo‘nalishlarini, mamlakatning milliy statistika tizimini ham tashkiliy, ham institutsional jihatdan rivojlantirishga ta'sir ko‘rsatuvchi o‘rta muddatli islohatlarni amalga oshirish yo‘llarini o‘z ichiga oluvchi strategik hujjat hisoblanadi. Mazkur ko‘p yillik strategiya hujjati o‘zida mahalliy foydalanuvchilar hamda xalqaro statistika axboroti iste’molchilarining zaruratlarini aks ettiradi.

Milliy strategiyani tayyorlash jarayoni milliy statistika tizimini batafsil baholashni ko‘zda tutadi. Uning natijasi bo‘yicha o‘rta muddatli istiqbolli maqsad va vazifalarni belgilagan holda yanada rivojlantirishning aniq strategiyasi, shuningdek, uni samarali amalga oshirish uchun xarakatlar rejasi ishlab chiqiladi.

Strategiyaning ishlab chiqilishi va amaliyotga tadbiq etilishi respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini xalqaro axborot resurslarida to‘lik aks ettiradi hamda O‘zbekistonning turli xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlaydi. Jumladan, Jahon bankining statistika faoliyati samaradorligi indeksida O‘zbekistonning yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.

Strategiyaning qabul qilinishi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘p yillik dasturlari bilan uzviy bog‘liqlikda milliy statistikaning rivojlantiradi. Milliy statistikani jahon statistika olamiga tizimli ravishda integratsiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Seminar yakunida mavzu yuzasidan ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga Davlat statistikasi qo‘mitasi rahbariyati hamda xalqaro ekspertlar tomonidan batafsil javob berildi.

Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati