Mamlakatimizda barcha sohalar qatori investitsiya iqlimini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan ishlab chiqilgan “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” barcha sohalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayapti.
2019-yil 9-dekabr kuni Buxoro shahar hokimligida qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda Buxoro viloyati hokimligi, Davlat statistika qo‘mitasi va viloyat statistika boshqarmasi mas’ul hodimlari va boshqa tashkilot va tadbirkorlik sub’yektlari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Sh.G‘ulomov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari D.Toshpo‘latova va K.Gulboyev so‘zga chiqib, investitsiya sohasiga oid statistik ko‘rsatkichlarning mohiyati, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha davlat statistika hisobotlarini to‘g‘ri to‘ldirish hamda sifatli va haqqoniy taqdim etish masalalari bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda shuningdek, hisobot topshiruvchi xo‘jalik sub'yektlari, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, investitsiya sohalariga oid statistik ko‘rsatkichlarning mohiyati bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga statistika sohasi mas’ul xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.
Axborot xizmati