10/12/2019

Joriy yilning 2–6-dekabr kunlari Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi va O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi o'rtasida 2018–2019-yillarga mo'ljallangan ikki yillik hamkorlik memarandumi” doirasida elektron sog'liqni saqlash sohasi mutaxassislari uchun Ukrainaning Kiyev shahriga o'quv safari tashkil etildi.

Ushbu o'quv safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – sog'liqni saqlash bo'yicha axborot tizimlari va ma'lumotlarni boshqarishning xalqaro standartlaridan foydalanish bo'yicha Ukraina tajribasini o'rganish hisoblanadi.

Delegatsiya tarkibi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat statistika qo'mitasi vakillaridan iborat bo`ldi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasining Ta`lim, sog`liqni saqlash, fan va innovatsiya sohalarida statistik kuzatuvlar bo`limi bosh mutaxassisi Shayxali Abduraxmanov ishtirok etdi.

O'quv safari davomida ishtirokchilar sog'liqni saqlash sohasida axborot tizimlari va ma'lumotlarni boshqarish bo‘yicha zarur bilim va tajribalarga ega bo'ldi.

 

Axborot xizmati