Shu yil 9-dekabr kuni Farg‘ona shahridagi Tadbirkorlar markazida “Statistik axborotlarning dolzarbligi va ahamiyati, xo‘jalik subyektlari tomonidan taqdim etilayotgan davlat statistika hisobotlari ma'lumotlarining holati, hisobotlarni to‘g‘ri to‘ldirish va haqqoniy taqdim etish” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi rahbariyati, viloyat hokimi o‘rinbosarlari F.Toshpo‘latov, X.Umarov, M.Abduraxmonov, Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i M.Satimov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari J.Saipov, bo‘lim boshlig‘i H.Yakubov va boshqalar ishtirok etdi.
Viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari F.Toshpo‘latov viloyatning iqtisodiyot sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Davlat statistika qo‘mitasi mas'ul xodimlari “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat statistika hisobotlarining to‘g‘ri to‘ldirilishi, o‘z vaqtida va haqqoniy taqdim etilishi”, “Xorijiy investitsiyalar ko‘rsatkichini davlat statistika hisobotlarida to‘g‘ri va shaffof aks ettirish”, “Qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha davlat statistika hisobotlari ma'lumotlarining holati, hisobotlarni to‘g‘ri to‘ldirish va taqdim etishdagi mavjud muammolar, sohaga oid ko‘rsatkichlarni hisobotlarda haqqoniy aks ettirish” kabi mavzularda ma'ruza qildi.
Seminar davomida sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Tadbirda mavzu yuzasidan berilgan savollarga Davlat statistika qo‘mitasi vakillari, viloyat hokimligi xodimlari va boshqa tegishli tashkilot rahbarlari batafsil javob berdi.
Axborot xizmati