Joriy yilning 9-dekabr kuni Davlat statistika qo'mitasida Jahon banki departamentining katta iqtisodchisi, statistika mutaxassisi Mustafo Dinch boshchiligidagi Jahon banki guruhining texnik yordam missiyasi ish boshladi.
13-dekabrgacha davom etadigan mazkur uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – 2020–2025-yillarda O'zbekiston statistikasini rivojlantirish milliy strategiyasi loyihasining yakuniy bosqichini muhokama qilishga qaratildi.
Missiyaning birinchi kunida Davlat statistika qo'mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich O'zbekiston statistikasini rivojlantirish milliy strategiyasi loyihasining ahamiyati va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Eslatib o’tamiz mazkur uchrashuvlar doirasida 11-dekabr kuni milliy statistika rivojlanish strategiyasi loyihasining yakuniy bosqichini (2020-2025) muhokama qilish bo'yicha seminar bo'lib o'tadi.
Tadbir ishtirokchilari 2020–2025-yillarda O'zbekiston statistikasini rivojlantirish milliy strategiyasi loyihasida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarni qo’mita markaziy apparatining boshqarmalari bilan statistika amaliyotining eng muhim masalalari bo'yicha ishlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Axborot xizmati