03/12/2019

2020-yil 7-mart kuni “Xalqaro ochiq ma'lumotlar kuni” global tadbirining 10 yilligi dunyo miqyosida keng nishonlanishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston birinchi marta “Xalqaro Ochiq ma'lumotlar kuni – 2020” lohiyasiga qo‘shildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilayotgan "Open Data Uzbekistan" va "Open Data Tashkent" tadbirlari https://opendataday.org sayti ro‘yxatiga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4273-son qaroriga asosan, Davlat statistika qo`mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portalida o`z vaqtida aks ettirilishi bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas`ul etib belgilangan.

         “Xalqaro ochiq ma'lumotlar kuni” har yili global miqyosda o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, ochiq ma’lumotlar manbalari haqida ommaga ma’lum qilish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirishga mo‘ljallangan. “Xalqaro ochiq ma'lumotlar kuni” birinchi bo‘lib Devid Eaves tomonidan 2010-yilda taklif etilgan. Ushbu tadbir global miqyosda, odatda fevral yoki mart oylarida bo‘lib o‘tadi. Ochiq ma’lumotlar haqida muzokara, seminar, ko‘rgazmali namoyish, xakaton, trening va boshqa o‘ziga xos uslubda ommaviy ma’lum qilish nazarda tutiladi.

2019-yilda “Ochiq ma'lumotlar kuni” tadbirlari sifatida butun dunyo bo‘ylab 300 dan ortiq tadbirlar ro‘yxatga olingan va tashkillashtirilgan. Bu shundan dalolatki, “Xalqaro ochiq ma'lumotlar kuni” dunyo miqyosida e’tirof etiladigan tadbirlardan biri bo‘lib, yanada rivojlanib bormoqda.

Ushbu kun butun dunyo bo‘ylab, ma’lumotlar foydalanuvchilari uchun mahalliy, mintaqaviy va markaziy hukumat tomonidan ochiq ma'lumotlar siyosatini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun keng imkoniyatdir.

Axborot xizmati