28/11/2019

Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi “Miran International Hotel” mehmonxonasida "Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olish: 2020-yil raundi" mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.

Ushbu tadbirning ikkinchi kunida ham “MDHga a'zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olish: 2020-yil raundi” bo‘yicha ko‘plab masalalar muhokama qilindi. MDHga a'zo davlatlar statistika idoralarining ro‘yxatga olish bo‘yicha yetakchi mutaxassislari, MDH Statistika qo‘mitasi markaziy apparati, YUNFPA vakillari, BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi hamda boshqa xalqaro tashkilot a'zolari va ekspertlar mavzu yuzasidan fikr-mulohaza bildirdi.

 

Yig‘ilishda 2019-yilning oktabr oyida Ozarbayjon va Belarus davlatlarida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari, MDHga a'zo boshqa davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari, Barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish uchun aholini ro‘yxatga olish axborot manbalari imkoniyatlari kabi mavzular muhokama qilindi.

Tadbirda 2022-yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ro‘yxatga olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma'lumot berildi. Bu borada turli vazirlik va idoralarning rahbarlari va mutaxassislari, jumladan, Iqtisodiyot va sanoat, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, yurtimizning yetakchi ilmiy markazlari tadqiqotchilari, Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparat va hududiy statistika boshqarmalari rahbarlari fikr-mulohaza bildirdi.

Xalqaro tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga statistika sohasi mutahassislari va ekspertlar tomonidan batafsil javob berildi. "Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olish: 2020-yil raundi" bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.

 Axborot xizmati