27/11/2019

2019-yil 27-noyabr kuni poytaxtimizdagi “Miran International Hotel” mehmonxonasida "Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlarda aholini ro‘yxatga olish: 2020-yil raundi" mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Tadbirda MDHga a'zo davlatlar statistika idoralarining ro‘yxatga olish bo‘yicha yetakchi mutaxassislari, MDH Statistika qo‘mitasi Raisi Vladimir Sokolin boshchiligidagi delegatsiya, Alanna Armitaj xonim boshchiligidagi YUNFPA vakillari, BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi hamda boshqa xalqaro tashkilot a'zolari va ekspertlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda MDH Statistika qo‘mitasi Raisi Vladimir Sokolin, UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Alanna Armitaj, O‘zbeksiton Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi Raisi Bahodir  Begalov, Belarus Respublikasining Milliy statistika qo‘mitasi Demografiya statistikasi va aholini ro‘yxatga olish boshqarmasi boshlig‘i Tatyana Babuk hamda boshqa ekspertlar so‘z yuritdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2015-yil iyun oyidagi rezolyutsiyasi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020-yil ro‘yxatga olish raundini e'lon qildi. MDH davlatlari rahbarlari kengashi uni qo‘llab-quvvatlab, Hamdo‘stlik mintaqasida aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi (2016-yil sentabr, Bishkek). Bugungi kunda barcha MDH davlatlarida tegishli aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan. 2019-yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 2022-yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi e'lon qilindi.

MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda Hamdo‘stlik mintaqasida ro‘yxatga olish 2020-yil raundi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda 2019-yilning oktabr oyida Ozarbayjon va Belarus davlatlarida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari, MDHga a'zo boshqa davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari, Barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish uchun aholini ro‘yxatga olish axborot manbalari imkoniyatlari kabi mavzular muhokama qilindi.

Ushbu xalqaro tadbir kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bu – O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish. Yig‘ilishda 2022-yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ro‘yxatga olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma'lumot berildi. Bu borada turli vazirlik va idoralarning rahbarlari va mutaxassislari, jumladan, Iqtisodiyot va sanoat, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, yurtimizning yetakchi ilmiy markazlari tadqiqotchilari, Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparat va hududiy statistika boshqarmalari rahbarlari fikr-mulohaza bildirdi.

Aholini ro‘yxatga olishning 2020-yilgi raundida qatnashadigan mamlakatlar, umuman, MDH mintaqasi uchun tarixiy ahamiyati quyidagi muhim jihatlar bilan belgilanishi ta'kidlandi:

  • So‘nggi 30 yil ichida birinchi marta MDHga a'zo barcha mamlakatlarda aholi ro‘yxatga olinishning o‘tkazilishi;
  • Birinchi bor ro‘yxatga olish dasturlariga kiritish uchun ko‘rsatkichlar ro‘yxati, savollarning tarifi va ularni to‘ldirish uchun uslubiy ko‘rsatmalar MDH davlatlarining statistika idoralari bilan kelishildi;
  • Bu MDH mintaqasida aholining faol harakatlari uchun muhim bo‘lgan migratsiya hajmi va oqimi to‘g‘risida taqqoslama ma'lumotlarni olish va Hamdo‘stlik mamlakatlari aholisining umumiy ishchi kuchini baholash imkoniyatini beradi;
  • Aholidan ma'lumot olishning texnik usullari kengayib, turli xil ro‘yxatga olish usullari birlashtirilmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ma'lumotlarni to‘plashning raqamli usullaridan keng foydalanish, shu jumladan, elektron xaritalar, elektron anketalar, Internet, shuningdek, ma'muriy ma'lumotlar manbalaridan foydalaniladi.

Mazkur xalqaro seminar Hamdo‘stlik mamlakatlari statistika idoralari mutaxassislari, ekspertlari uchun o‘zaro tajriba almashish imkonini beradi va MDHga a'zo davlatlarning statistik salohiyatini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

 

Axborot xizmati