2019-yil 22-noyabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “2022-yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda Respublikaning qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining 9 oy yakunlari bo‘yicha ko‘rsatkichlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati rahbariyati va xodimlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Davra suhbatida, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil yanvar–sentabr oylari yakunlari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi rivojlanishining asosiy statistik ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2019-yil yanvar–sentabr oylarida respublika bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 156667,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2018-yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur'ati 102,4 foizga teng bo‘ldi.
Ta'kidlash joizki, dehqon (shaxsiy yordamchi) xo'jaliklarining qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga qo'shgan hissasi juda katta va asosiy qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari sifatida taqdim etilgan.
Seminarda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari bo‘yicha samarali hamkorlik qilmoqda.
Davra suhbatida Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berdi.
Axborot xizmati