21/11/2019

Joriy yilnig 20-noyabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida Shvetsariyaning Nevshatel shahrida Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi (EFTA) tomonidan tashkil etilgan «Statistik ko‘rsatkichlar» mavzusidagi o‘quv kursi natijalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 2019 yilning 13-15 noyabr kunlari Nevshatel shahridagi mazkur o‘quv kursida ishtirok etgan Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Umarov Akmal Rustamovich hamda Yig‘ma-axborot ishlari boshqarmasi Yig‘ma tezkor ma'lumotlarni va indikator ko‘rsatkichlarini shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Rustamov Oybek A'zamovich o‘quv kursi davomida to‘plangan bilim va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashdi.

Jumladan, seminar ishtirokchilariga statistik ko‘rsatkichlar tizimini shakllantirishda va ulardan foydalanishda yuzaga keladigan muammolar, ko‘rsatkichlar tizimini takomillashtirish va rivojlantirishni belgilovchi omillar haqida ma'lumot berildi. Shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni va ko‘rsatkichlar tizimini shakllantirishda statistika idoralari, ilm-fan va siyosatning o‘zaro xamkorligi, aniq statistik raqamlar asosida siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni rejalashtirish bo‘yicha qator masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Axborot xizmati