21/11/2019

2019 yil 18 - 20 noyabr kunlari Toshkentda BMTRD tomonidan UNEP, UN-Habitat BMT EIK tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo'shma seminar bo'lib o'tdi. Seminarda BRMning 6-maqsadi "Barqaror rivojlanish uchun suv resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish, ularning mavjudligi va barchaning sanitariya holatini yaxshilash" bo’yicha ko'rsatkichlarni ishlab chiqish metodologiyasi masalalari ko'rib chiqildi.

Tadbirda xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Belarus Respublikasi statistika qo’mitasi ekspertlari o'z tajribalari va bilimlari bilan o'rtoqlashdi. BRMning 6-maqsadini 10 ta ko'rsatkichi bo'yicha uslubiy materiallar taqdimot qilindi.

Shuningdek, seminarda O'zbekiston Respublikasi Suv xo’jaligi resurslari vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi, Uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi vakillari ishtirok etdilar.

Olingan tajribalar BRM indikatorlarini shakllantirish va metodologiyasini aniqlash bilan bog'liq bo'lgan kamchiliklarni bartaraf qilishga yordam beradi va kelajakda hukumat tomonidan qabul qilingan maqsad va vazifalarni bajarilishini ta'minlaydi. Uchrashuv yakunida kelgusida vazirlik va idoralarning statistik salohiyatini yanada oshirish maqsadida shu kabi seminarlarni o'tkazish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Axborot xizmati