20/11/2019

Joriy yilning 20-noyabr kuni davlat statistika qo‘mitasida qo‘mita markaziy apparati xodimlari uchun xizmat safari yakunlari bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimot qo‘mitaning Axborotlarni tarqatish, xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshlig‘i Mamadaliyev Odiljon Toirovich tomonidan o‘tkazildi.

Taqdimotda O.Mamadaliyev «Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi (NSDS) va Ma'lumotlarni rejalashtirishning zamonaviy dastaklari (ADAPT)» mavzusida, 2019-yilning 11–14-noyabr kunlari Yaponiyaning Tiba shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani mintaqalari bo‘yicha statistika institutida tashkil etilgan 6-hududiy o‘quv kursi davomida to‘plangan bilim va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashdi.

Qayd etildiki, o‘quv kursi ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, Parij-21 Konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan «Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi» bo‘yicha tavsiyanomasiga amal qilish hamda «Ma'lumotlarni rejalashtirishning zamonaviy dastaklari» konsepsiyasi doirasida tuzilgan dasturiy ta'minotdan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan.

Taqdimot davomida ma'ruzachi tomonidan ishtirokchilarning barcha qiziqtirgan savollariga batafsil tushuntirishlar berildi hamda dasturiy ta'minotdan foydalanish amaliy tarzda ko‘rsatildi.

 

Axborot xizmati