19/11/2019

Joriy yil 19-noyabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asoslari” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Seminarni Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich ochib berib, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asoslari bo‘yicha batafsil so‘z yuritdi.

Seminarda ta'kidlanganidek, O‘zbekiston hududida dastlabki aholini ro‘yxatga olish 1897-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, aholi soni 3,9 mln. kishini tashkil etgan. Oxirgi marta 1989-yilda o‘tkazilgan va aholi soni 19,7 mln. kishini tashkil etgan. 2019-yilning 1 oktabr holatiga joriy hisob bo‘yicha mamlakatimiz aholisi 33,7 mln. kishini tashkil etadi.

Aytish joizki, aholini ro‘yxatga olish bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng qamrovli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Aholini ro‘yxatga olish tadbirida aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi (kam sonli aholisi bor millatlar), ma'lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma'lumotlar yig‘iladi va qayta ishlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi to‘g‘risida”gi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan davlat Dasturining 38-bandida aholini ro‘yxatga olish konsepsiyasini tayyorlash vazifasi belgilandi.

Mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevralda “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5655-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralarning mas'ul mutaxassislari ishtirokida Ishchi guruhi tuzilib, xalqaro tavsiyalar va xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishda Yevropa statistiklari konferensiyasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi.

Shu bilan birga, MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining ushbu sohadagi tajribasi, shuningdek, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Armaniston, Tojikiston, Moldova, Litva, Latviya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganildi.

Qonun loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar hamda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda mazmunan boyitildi.

Qonun loyihasi 5 ta bob va 31 ta moddadan iborat bo‘lib, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Qonun loyihasining asosiy maqsadi – aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tamoyillari va tashkiliy uslublarini aniqlash, ma'lumotlarni qayta ishlash, umumlashtirish, uning natijalaridan keng foydalanish, aholini ro‘yxatga olish sub'yektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asosini yaratish hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirishni tizimli tashkil etish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tartib va tizimga solishni ta'minlaydi.

Aholini ro‘yxatga olish natijasida yig‘ilgan ma'lumotlar davlatimizning yaqin va uzoq muddatli rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, xalqaro ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash va turli reytinglarda respublikamizning munosib o‘rnini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Seminar yakunida mavzu yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.

Axborot xizmati