18/11/2019

2019-yil 3–14-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasi xodimlaridan iborat guruh Birlashgan Arab Amirliklarining Federal raqobatbardoshlik va statistika organiga xizmat safarini amalga oshirdi.

Mazkur xizmat safari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining moliyaviy va texnik yordamini jalb etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoyishi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash hamda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Xizmat safari davomida har ikkala davlatning statistika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari tahlil qilindi va bu boradagi Birlashgan Arab Amirliklarining ilg‘or tajribasi o‘rganildi.

Unda statistika tizimidagi mavjud muammolar, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, aholini ro‘yxatga olishda innovatsion usullarni qo‘llash, vazirlik va davlat tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiya jarayoni, Open Data portalini takomillashtirish, katta hajmdagi ma'lumotlardan foydalanishda yangi texnologiyalarni qo‘llash, barqaror rivojlantirish maqsadlari hamda boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Xizmat safarining natijasi sifatida BAA Federal raqobatbardoshlik va statistika organi bilan Davlat statistika qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

Axborot xizmati