2019-yil 14–15-noyabr kunlari Moskva shahrida “Statistika uchun raqamli kun tartibi: samaradorlik, sifat va shaffoflik” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Ushbu konferensiya Rossiya Federatsiyasining Federal Davlat statistika xizmati (ROSSTAT) hamda Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiy universiteti tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyodullayev Mahmudjon Jo‘raqulovich ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi Axborot havfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Djanadilov hamda Aholi, demografiya va mehnat statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Z.Xudayarova ham qatnashdi.
Konferensiyada Kanada, Estoniya, Polsha, Xitoy, Rossiya, Niderlandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston statistika idoralaridan tashqari, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi, MDHning Davlatlararo statistika qo‘mitasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi.
Seminar davomida statistikada raqamlashtirish, raqamli iqtisodiyotni o‘lchash, aholini elektron ro‘yxatga olish, Barqaror Rivojlanish Maqsadlari ko‘rsatkichlarini monitoring qilish masalalari muhokama qilindi. Statistik ma'lumotlarning ochiqligini ta'minlash, aholini ro‘yxatga olishda raqamli ekotizimlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Axborot xizmati