2019-yil 12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekistonda statistik ma'lumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta'minlash masalalari” mavzusida Parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur Parlament eshituvida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich sohani isloh qilish, amaliyotga xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, eng asosiysi, statistik ma'lumotlarning ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini ta'minlashning huquqiy asoslari yaratib berilgani borasida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan statistika sohasiga doir qabul qilingan so‘nggi qaror va farmonlar hamda Prezidentimizning 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida statistika sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator muhim vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqib, olib borilgan amaliy ishlar natijasida bugungi kunda qo‘mitaning saytida 20 ta bo‘limda 279 ta to‘plam jadval ko‘rinishida 1 mln dan ziyod makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar e'lon qilib borilmoqda. Foydalanuvchilar hamda keng jamoatchilik uchun 90 dan ziyod tahliliy statistik ma'lumotlar va press-relizlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida rasmiy saytda e'lon qilinib, ular asosida markaziy telekanallarda turli infografika videoroliklar ko‘rinishda ma'lumotlar tezkorlik bilan xolisona yoritib borish yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, shakllantirilayotgan statistik axborotlarni xolis va shaffofligini ta'minlash uchun harakatdagi statistik hisob-kitoblarni yuritish uslubiy qo‘llanmalarining 5 tasi takomillashtirildi, 32 ta yangi uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi, 17 ta davlat statistika kuzatuvlari shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Eng muhimi, statistik ma'lumotlar haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta'minlashda Axborot kommunikatsiya texnologiyalari funksional imkoniyatlaridan keng foydalanish masalasiga alohida e'tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Jumladan, hozirgi kunda barcha oylik, choraklik va yillik davlat statistik hisobotlarni subyektlar tomonidan ye-stat 3.0 Avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali topshirish 100 % yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, hisobot topshirish jarayonida inson omilining aralashishiga tamomila chek qo‘yilgan.
Shuningdek, ta'kidlanishicha yig‘ma statistik ma'lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligini ta'minlashda kadrlar salohiyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois kadrlar malakasini oshirish, sohaga oid statistik tadqiqotlarni yanada jadallashtirish kun tartibidagi dolzarb masala hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 686-sonli qarori bilan qo‘mitaning Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutiga aylantirilishi yuqorida keltirilgan masalalarning ijobiy yechimiga ayni muddao bo‘ldi.
Institut tomonidan 5 ta yo‘nalishda, 13 ta statistika sohasiga oid turli dolzarb mavzularda o‘qishlar tashkil etilib, ularda 2019-yilda 1155 nafar tizim xodimlari malakasini oshirishga erishildi.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida 112 nafar tizim xodimlari turli xalqaro darajadagi seminar-treninglarda ishtirok etdi. Ularda olingan xalqaro tajriba va yangi uslubiyotlar qo‘mita foaliyatiga keng joriy qilinmoqda.
Parlament eshituvida ta'kidlanganidek, tizim muammolarini yechish, jumladan statistik ma'lumotlar haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta'minlash hamda rivojlanish istiqbolini ilmiy asoslangan holda belgilab berish, xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida, qo‘mita huzuridagi Institut qoshida “Ekonometrika va statistika” hamda “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish borasida “Ilmiy kengash” tuzildi. Mazkur kengashning asosiy maqsadi, statistika sohasiga oid ilmiy ishlar va izlanishlarni tizimli ravishda muvofiqlashtirib borish, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, zamon talabiga javob beradigan yetuk olimlarni yetishtirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, xodimlar bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish maqsadida har haftada respublikaning yetakchi olimlari, sohaning malakali ekspertlarini jalb etgan holda ma'naviyat soatlari va ilmiy-metodik seminarlar tashkil etilmoqda.
Yana bir muhim masala, hozirgi kunda respublikamizda inflyasiya darajasini haqqoniy, ishonchli va ochiq hisob-kitob qilib berish to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Bu boradagi hisob-kitob ishlarini yanada takomillashtirish hamda inson omili aralashuvini kamaytirish maqsadida, statistik tanlanma kuzatuvlarni elektron planshetlar orqali o‘tkazish joriy etilmoqda. Ayni kunga qadar, qo‘mita moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida narx kuzatuvlarini 100 % planshetlar asosida o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida barcha hududlarda kuzatuvlarni planshetlar yordamida o‘tkazish joriy etilishi rejalashtirilgan. Natijada, hududlarda narx-navoni kuzatish on-layn rejimida amalga oshirilib, ma'lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘mitaning markaziy serveriga kelib tushadi.
O‘tgan davr ichida foydalanuvchilarning ma'lumotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida, 8 ta xalqaro tashkilot va 11 ta mamlakat statistika idoralari ma'lumotlar bazalari tarkibi va ularning bu boradagi tajribalari yaqindan o‘rganib chiqildi. Milliy va xorijiy foydalanuvchilar o‘rtasida Internet orqali doimiy tarzda so‘rovlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Axborotda ta'kidlanganidek, yana bir muhim masala – Ochiq ma'lumotlar portalini takomillashtirish, undagi ma'lumotlar tarkibini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yil boshida Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilingan ma'lumotlar to‘plamlari soni 4000 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 6500 dan ziyodga oshirildi. Portalda 137 ta vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyatlar o‘z ma'lumotlarini joylashtirib borishi ta'minlanmoqda.
Parlament eshituvida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi masalalariga oid amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar borasida ma'lumot berildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar 8 ta xalqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar bilan sohani rivojlantirish bo‘yicha 38 ta turli yo‘nalishlarda qo‘shma tadbirlar o‘tkazilgan.
Qo‘mita tomonidan MDH Statistika qo‘mitasi, BMT yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, YUNFPA, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Xalkaro valyuta jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Shuningdek, 12 ta halqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, ularning maxsus 28 turdagi savolnomalari asosida statistik ma'lumotlarni o‘z muddatida yetkazilishi ta'minlanmoqda.
Parlament eshituvi davomida Davlat statistika qo‘mitasi raisi deputatlar e'tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi” to‘g‘risidagi farmonida belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlar hamda qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi borasida ma'lumotlarni taqdim etdi.
Prezident farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati, unda belgilab berilgangan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida, keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. O‘tgan davrda 208 marotaba ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil etildi, gazeta va jurnallarda 195 ta maqola chop etildi, respublika bo‘yicha umumiy hisobda 932 ta uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar joyiga chiqqan holda ya'ni, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda mahalla yig‘inlarida tashkil etilgani ta'kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o‘tgan mazkur Parlament eshituvida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich davlat Dasturi doirasida amalga oshirilgan boshqa masalalar bo‘yicha ham axborot berib o‘tdi.
Yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan berilgan savollarga Davlat statistika qo‘mitasi Raisi va mutaxassislari atroflicha javob berib o‘tdi.
Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati