10/11/2019

Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlarida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha 2019-yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlari muhokama qilindi.

Majlisda Qo‘mita a'zolari, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi rahbar xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda omaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining joriy yil o‘tgan davridagi faoliyati muhokamasida qayd etilganidek, ushbu tuzilmaga davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni amalga oshirish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirib borish va tartibga solish, statistika kuzatuvi shakllarini tasdiqlash, moliya, bojxona, soliq idoralaridan, banklar va boshqa tuzilmalardan statistika hisobotlarini olish kabi vakolatlar berilgan. Ular doirasida joriy yilda Davlat statistika qo‘mitasi zimmasiga 29 ta topshiriq yuklatilgan. Ushbu vazifalarning 14 tasi bo‘yicha bu yilning to‘qqiz oyi davomida ijrosini ta'minlash vazifasi yuklatilgan bo‘lib, o‘tgan davrda bir qator asosiy yo‘nalishlarda muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan statistika sohasiga doir qabul qilingan so‘nggi qaror va farmonlar hamda Prezidentimizning 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida statistika sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator muhim vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqib, olib borilgan amaliy ishlar natijasida bugungi kunda qo‘mitaning saytida 20 ta bo‘limda 279 ta to‘plam jadval ko‘rinishida 1 mln. dan ziyod makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar e'lon qilib borilmoqda. Foydalanuvchilar hamda keng jamoatchilik uchun 90 dan ziyod tahliliy statistik ma'lumotlar va press-relizlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida rasmiy saytda e'lon qilinib, ular asosida markaziy telekanallarda turli infografika videoroliklar ko‘rinishda ma'lumotlar tezkorlik bilan xolisona yoritib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, shakllantirilayotgan statistik axborotlarni xolis va shaffofligini ta'minlash uchun harakatdagi statistik hisob-kitoblarni yuritish uslubiy qo‘llanmalarining 5 tasi takomillashtirildi, 32 ta yangi uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi, 17 ta davlat statistika kuzatuvlari shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Majlisda statistika va soliq qo‘mitalari faoliyatidagi ayrim kamchiliklar ham muhokama qilinib, ushbu tuzilmalar ishini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Majlis yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Axborot xizmati