01/11/2019

2019-yil 1-noyabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “O`zbekiston Respublikasida aholini ro`yxatga olish tartibi va uni o`tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi. Unda Davlat statistika qo`mitasi rahbariyati, markaziy apparat tarmoq boshqarmalari boshliqlari, o`qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida ta`kidlanganidek, Aholini ro`yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko`lamli tadbir bo`lib, aholi to`g`risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

Har qanday davlatning tarixi – bu birinchi navbatda unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o`z ifodasini topadi. Aholi soni bo`yicha aniq va yaxlit ma`lumotlar aholini ro`yxatga olish asosida olinadi.

Aholini ro`yxatga olish yakunlariga qarab o`tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo`ladi.

Aholini ro`yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo`lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma`lumotlarni yig`ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilishi va e`lon qilishning yagona jarayonini o`z ichiga olib, aholi to`g`risidagi ma`lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz ko`rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlariga yordam berish bo`yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma`lumotlarni olish imkonini beradi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, O`zbekiston hududida dastlabki aholi ro`yxati 1897 yilda o`tkazilgan bo`lib, ushbu ro`yxat ma`lumotlari XIX asr oxirida O`zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug`ilish, o`lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O`zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro`yxatga olish ishlari tashkil etilgan.

Davra suhbatida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari talabalar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdi.

Axborot xizmati