31/10/2019

2019-yil 30-oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.30.09.2019.I.92.01 raqamli Ilmiy kengash qoshida 08.00.06 – “Ekonometrika va statistika” ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun Nuriddinov Zufar Akbarovichning “Mintaqalar iqtisodiyotini innovatsion rivojlanishi va investitsion jozibadorligini statistik baholash (Buxoro va Navoiy viloyatlari misolida)” mavzusidagi dissertatsiya muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tadqiqotchi mavzuning dolzarbligi haqida batafsil so‘z yuritdi. Xususan, jahonda 2018-yilda o‘tgan yilga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 19 % kamayib, 1188 mlrd. dollarni tashkil qilgani, bu mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda statistik islohotlar jarayonida ishlab chiqilgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar va shuningdek, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ayrim vazifalar tadqiqotda o‘z aksini topgani ta'kidlandi.

Yig‘ilishda tadqiqotning asosiy ilmiy yangiliklari bayon qilinib, ularni Davlat statistika qo‘mitasi (2019-yil 6-avgustdagi 01/1-04-18/2-213-sonli ma'lumotnomasi) hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga (2019-yil 27-avgustdagi BU-6-3-1/20-1839-sonli ma'lumotnomasi) joriy qilingani aytib o‘tildi. Shuningdek, ilmiy yangiliklar natijasida mintaqa va uning hududlarida innovatsion rivojlanish hamda investitsion jozibadorlikning integral ko‘rsatkichlar asosida chuqur statistik tahlil etish va baholash imkoniyatlari oshganligi ta'kidlandi.

Ilmiy seminar davomida bajarilgan tadqiqot ishi yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Tadqiqotchi ilmiy seminar a'zolari tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Tadqiqot yuzasidan taqrizchilar so‘zga chiqib, bajarilgan tadqiqot ishiga ijobiy xulosalar berdi, tadqiqotchining bajargan ilmiy ishini bir ovozdan ilmiy kengashga himoyaga tavsiya qilishdi.

 

Axborot xizmati