23/10/2019

Joriy yilning 23–25-oktabr kunlari Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilayotgan Islom hamkorlik tashkiloti Statistika komissiyasining 8-sessiyasida ishtirok etmoqda.

Mazkur yig‘ilish tashkilotchisi Islom hamkorlik tashkiloti 57 ta davlatni birlashtirgan holda Birlashgan Millatlar Tashkilotidan keyingi ikkinchi eng yirik hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Ushbu tashkilot islom dunyosining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalardagi manfaatlarini himoya qiladi.

Islom hamkorlik tashkiloti Statistika komissiyasining 8-sessiyasida tashkilotga a'zo 57 davlat statistika idoralarining birinchi rahbarlari hamda xodimlari, xalqaro statistika tashkilotlari va ekspertlar qatnashmoqda.

 Komissiyaning 8-sessiyasida Islom hamkorlik tashkiloti Statistika komissiyasining 2018-yilda o‘tkazilgan 7-sessiyasidan keyin amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqiladi. Mazkur 8-sessiya ishi davomida yig‘ilish ishtirokchilariga eng so‘nggi xalqaro standartlar to‘g‘risida axborot beriladi. Aholini va uy-joy fondini ro‘yxatga olish jarayonida elektron ma'lumotlarni yig‘ish texnologiyalari bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish hamda xalqaro mehnat migratsiyasi hisobini yuritish bo‘yicha milliy statistik tizimni ishlab chiqish va joriy etish kabi qator dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Anqara shahrida o‘tkazilayotgan mazkur uchrashuvning Davlat statistika qo‘mitasi uchun muhim ahamiyati shundaki, mamlakatimizda 2022-yilda o‘tkaziladigan Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tadbirini puxta va yuqori saviyada tashkil etishda rivojlangan davlatlar, xalqaro tashkilotlar ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur sessiya yakuni, unda ko‘tarilgan masalalar hamda rasmiy delegatsiyaning safar yakuniga oid ma'lumotlar bilan Sizlarni tanishtirib boramiz.

Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati