17/10/2019

Joriy yilning 16-oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi dsc.30.09.2019.i.92.01 raqamli ilmiy kengashning dastlabki majlisi bo‘lib o‘tdi.


Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasining 2019-yil 30-sentabrdagi 187-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzurida iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzilishi haqida tanishtirildi.

Qarorga asosan 08.00.06 – “Ekonometrika va statistika” hamda 08.00.14 – “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy darajalar olish uchun dissertatsiyalar ishlarini qabul qilish va himoyasini o‘tkazishga ruxsat berilgan.

Yig‘ilish davomida ilmiy kengash a'zolari tarkibi bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng, ilmiy kengash a'zolaridan – akademik S.S.G‘ulomov, prof. H.G‘.Nabiyev, prof. B.T.Salimov, prof. Y.A.Abdullayev va prof. Z.X.Toshmatov ilmiy ishlarning sifat darajasi davr talabiga mos bo‘lishi borasida o‘z fikr va takliflarini berishdi. Shuningdek, talabgorlar ilmiy ishining tayyorligidan kelib chiqib, ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash faoliyati haftaning payshanba kuni soat 15.00 da boshlanishiga kelishib olindi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi boshqa tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Bir so‘z bilan aytganda, ilmiy ishlari nihoyasiga yetgan talabgorlarning dissertatsiya ishlarini himoya qilish uchun qulay imkoniyat tug‘ildi.

Hurmatli dissertatsiya ishlarini himoya qilmoqchi bo‘lgan talabgorlar! Sizlarni Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzuridagi 08.00.06 – “Ekonometrika va statistika” hamda 08.00.14 – “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy darajalar olish uchun taklif etamiz.

Axborot xizmati