2019-yilning 8-10-oktyabr kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida “O‘rta Osiyo mamlakatlari uchun suv stressi va suvdan foydalanish samaradorligining barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlari” bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Federal Davlat statistika xizmati tomonidan tashkil etildi.
Mazkur seminarda Afg‘oniston, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlarining statistika idoralari xodimlari ishtirok etdi. Shuningdek, ushbu tadbirda Davlat statistika qo‘mitasining Barqaror rivojlanish va ijtimoiy soha tarmoqlari statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari O.V Aleshunina ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va BMT taraqqiyot dasturi vakillari ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi BRM 6.4.1 "Suvdan foydalanish samaradorligining o‘zgarishi dinamikasi" va 6.4.2 "Suv stressi darajasi: mavjud bo‘lgan chuchuk suv zaxiralariga nisbatan foiz hisobida chuchuk suvning olinishi" ko‘rsatkichlarini tuzishda qatnashuvchilarning texnik imkoniyatlarini mustahkamlash, ular to‘g‘risida milliy va xalqaro miqyosda hisobot berishdan iborat.
Seminarda hisoblash metodologiyasi, milliy va mintaqaviy darajadagi ko‘rsatkichlar monitoringi, shuningdek, BRM ma'lumotlarini ularning global miqyosda tarqatilishi uchun FAOga taqdim etish tartiblari to’g’risida taqdimot o‘tkazildi.
Shu bilan birga, mamlakatlarda BRM monitoring tizimini joriy etish uchun zarur bo‘lgan institutsional mexanizmlar muhokama qilindi, vaqtga muvofiq ma'lumotlarni olish uchun zarur bo‘lgan kelgusi qadamlar aniqlandi.
Seminar BRM 6.4.1 va 6.4.2 ko‘rsatkichlarini tayyorlashga mas'ul vazirlik va idoralarning statistik salohiyatini oshiradi, shuningdek, mamlakatda suvdan foydalanish samaradorligini va suv stressi darajasini aniqlaydi.
Axborot xizmati