2019-yil 3-oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida “Kichik biznes subyektlarining tanlanma kuzatuvi uslubiyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda qo‘mita markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti Makroiqtisodiy statistika va milliy hisoblar kafedrasi mudiri A. Siddiqov va O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti” bosh ilmiy xodimi S.V.Chepel mavzu yuzasidan fikr bildirdi.
Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – statistik tadqiqotlarda kichik biznes subyektlarini tanlanma kuzatish usulidan foydalanish samaradorligini yanada takomillashtirish hamda bu borada yuzaga kelayotgan muammolarni atroflicha muhokama qilish.
Seminar davomida seminar ishtirokchilari mavzu bo‘yicha nazariy ma’lumotlar va ularning amaliyotda qo‘llanilishi bo’yicha amalga oshirilgan tadqiqot ishi natijalari bo‘yicha xulosalar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, o‘rganilayotgan to‘plam birliklaridan tanlab olingan tanlanma haqidagi ma’lumotlar qay darajada haqiqatga yaqinligi va kutilgan natijani berganligini tahlil qilish borasida fikr almashildi.
Axborot xizmati