27/09/2019

2019-yil 27-sentabr kuni Toshkent shahridagi Inxa universitetida "ICT Week – Uzbekistan 2019" AKT haftaligi doirasida "Open Data Tashkent – 2019" ochiq ma'lumotlar bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Jahon banki, yeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi Milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar portalida ochiq ma'lumotlar to‘plamlarini joylashtirish va yangilash bo‘yicha mas'ul vazirlik va boshqa idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro ekspertlar va ochiq ma'lumotlar sohasidagi mahalliy mutaxassislar, AKT sohasi mutaxassislari, Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-son qarori ijrosi alohida qayd etildi.

Mahalliy va xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda ochiq ma'lumotlarni rivojlantirish, ushbu sohadagi mavjud vaziyatni aniqlash, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llarini o‘rganish, ochiq ma'lumotlar portali faoliyatining muvaffaqiyatli xalqaro tajribasini o‘rganish, ushbu sohada amaliy bilimlarni almashish masalalarini muhokama qildi.

Konferensiyada xalqaro mutaxassislarning taqdimotlari namoyish etildi. Shuningdek, ochiq ma'lumotlardan foydalangan holda ilova ishlab chiqish bo‘yicha yillik tanlov – "Open Data Challenge" xakatonini o‘tkazish bo‘yicha ma'lumot berildi.

Konferensiya doirasida taklif etilgan xalqaro tashkilotlar ekspertlaridan O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar portali – data.gov.uzni yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar olindi.

 

Bundan tashqari, 2019-yilda ochiq ma'lumotlarni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi asosiy maqsadlar e'lon qilindi:

– ochiq ma'lumotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi konsepsiyasi loyihasini tayyorlash va tasdiqlash uchun kiritish;

– O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma'lumotlar xalqaro Xartiyasiga qo‘shilish jarayonini tayyorlash va kelishish;

– "Ochiq ma'lumotlar global indeksi", "Ochiq ma'lumotlar barometri" xalqaro reytinglarida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash maqsadida  "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va boshqalar.

Axborot xizmati