24/09/2019

Shu yil 24-sentabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Yurtimizda 2022-yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda mamlakatimizda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari, professor-o‘qituvchilar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori A.Umarov, Davlat statistika qo‘mitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori B.G‘oyibnazarov, Davlat statistika qo‘mitasi Axborotlarni tarqatish, xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi boshlig‘i O.Mamadaliyev, Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi boshlig‘i H.Murodxo‘jayev, Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Q.Berdiqulov mavzu yuzasidan fikr yuritdi.

So‘zga chiqqanlar Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yilda qabul qilingan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasi bo‘yicha yurtimizda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Jumladan, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini yaratish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirokida ishchi guruhi tarkibi shakllantirilib, qonun loyihasi ishlab chiqilgani ta'kidlandi. Xalqaro standartlar va xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda yaratilgan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tegishli vazirlik va idoralarga yuborilib qo‘shimcha takliflar olindi hamda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Shuningdek, davra suhbatida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasi kun tartibi o‘z ichiga global darajadagi 17 ta maqsad va 169 ta vazifani qamrab olgani hamda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va mutaxassislar OAV vakillari hamda talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi.

Axborot xizmati