2019-yil 16–20-sentabr kunlari Jeneva (Shveytsariya) shahrida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha ekspertlar guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi va Yevrostat tomonidan tashkil etildi.
Seminarda Davlat statistika qo‘mitasining Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Tulyaganov hamda Aholi, demografiya va mehnat statistikasi yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Z.Yuldoshev ishtirok etdi.
Tadbir Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari statistika idoralari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida o‘tkazildi. Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi delegatsiyasi tomonidan “O‘zbekistonda aholini ro‘yxat olish” mavzusida ma'ruza taqdim etildi. Ekspertlar guruhi yig‘ilishida 46 ta davlatdan statistika idoralari vakillari hamda BMTning Statistika bo‘limi, BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA), BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Yevrostat, MDHning Statistika qo‘mitasi ekspertlari, BMTning Kosovo bo‘yicha missiyasi, Minnesota va Sautgempton universiteti vakillari hamda boshqa taklif etilgan ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar va ekspertlar guruhi yig‘ilishida aholini ro‘yxatga olishda innovatsion usullar, ma'muriy va boshqa axborot manbalaridan foydalanish, ma'lumotlar sifatini baholash, foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirish, aholini ro‘yxatga olish va ijtimoiy kuzatuvlarni integratsiyalash, aholini ro‘yxatga olishda Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq ehtiyojlar masalalari muhokama qilindi va bu borada qator davlatlar tajribalari o‘rganib chiqildi.
Axborot xizmati