2019-yil 17–18-sentabr kunlari Moskva shahridagi Milliy tadqiqot universiteti “Oliy iqtisodiyot maktabi”da “Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlarida daromadlar va farovonlikni o‘rganish tajribasi va muammolari” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda xalqaro moliya institutlari mutaxassislari, ekspertlar, ilmiy tadqiqotchilar va Evropa, Osiyo va MDH mamlakatlarining statistika, bank sohasi mutaxassislari, shuningdek, etakchi universitetlarning talaba va tinglovchilari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig'i o‘rinbosari – Makroiqtisodiy indikatorlarni shakllantirish va tahlil etish bo‘limi boshlig'i Abrorali Mamadjanov va Iste`mol va ishlab chiqaruvchilar narxlari statistikasi bo`yicha yig`ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo`limi bosh mutaxassisi Natalya Dalinskaya qatnashdi.
Anjuman doirasida daromad va farovonlikni o‘rganishga bag'ishlangan
35 dan ortiq ilmiy ishlar taqdim etildi. “Daromadlar tengsizligi”, “Unumdorlik va o‘sish”, “Milliy hisoblar tizimi”, “Mintaqaviy tahlil”, “Xarid qobiliyati pariteti va xarajatlar va ishlab chiqarish jadvallari”, “Farovonlik”, “Qashshoqlik va boylik” kabi mavzular muhokama qilindi.
Har bir ma'ruzachining taqdimoti mustaqil ekspertlar tomonidan tayyorlangan xulosa va takliflarni e'lon qilish bilan yakunlandi. Shundan so‘ng mavzular savol-javob shaklida muhokama qilindi.
Anjuman davomida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi statistikaning rivojlanishiga, shuningdek, tadqiqot va amaliy faoliyatning tarkibiy qismlari uyg'unlashishiga yordam berishi ta'kidlandi.
Anjumanning yakuniy qismida zamonaviy statistikaning dolzarb masalalariga bag'ishlangan MDH Statistika qo‘mitasi, Rosstat rahbarlari, xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Axborot xizmati