09/09/2019

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Asaka tumanida o‘tkazilgan tadbirda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari haqida fikr-mulohaza yuritildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma'lumotlar ularni ro‘yxatga olish asosida olinishi, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma'lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflar bilan belgilanishi haqida gapirdi.

Marhamat tumanida o‘tkazilgan tadbirda aholini ro‘yxatga olishda vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli komissiyalar rahbarlari farmonda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi borasida so‘z yuritildi.

Qarshi shahrida tashkil etilgan seminarda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishda jismoniy hamda yuridik shaxslarning ishtiroki, ular mehnatiga haq to‘lashning aniq mexanizmlari borasida fikr-mulohaza almashildi.

Uchqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tadbirda hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni aniq chora-tadbirlar asosida bajarish va bu borada mas'ul ijrochilar malakasini oshirish xususida to‘xtalib o‘tildi.

Yangiqorg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan seminarda statistika, tashkilot va korxona rahbarlari, yer resurslari va kadastr bo‘limi hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillari ishtirok edi.

 Tadbirda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga vakolatli organ hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish masalari haqida fikr-mulohaza bildirildi.

Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari yuzasidan Shahrixon, Dehqonobod, Koson tumanlarida ham seminarlar tashkil etildi.

Axborot xizmati