So‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.
Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida statistika sohasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish borasida chora-tadbirlar belgilanib, tadbirlar tashkil etilayapti.
Xususan, Navoiy viloyati statistika boshqarmasida viloyat Prokuraturasi, Adliya boshqarmasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi bilan hamkorlikda “Tizim rahbar xodimlari tomonidan mansab vakolatlarini suiste'mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiya holatlarining oldini olish, amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Seminar ishtirokchilari korrupsiyaning oldini olishda nimalarga e'tibor qaratish lozimligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Qashqadaryo viloyat statistika boshqarmasida o‘tkazilgan tadbir ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda viloyat statistika boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Safarov, viloyat adliya boshqarmasi xodimi V.Boboyeva so‘z yuritib, farmonda belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Joylarda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar va korrupsiyaning holati to‘g‘risida fikr-mulohazalar tinglandi.
Xorazm viloyati statistika boshqarmasida bo‘lib o‘tgan tadbirda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyat shaffofligini oshirish borasida so‘z yuritildi.
Axborot xizmati