26/08/2019

20–22-avgust kunlari Qirg`iziston Respublikasining Issiqko'l bo'yida BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy-ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tashkil etilgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha Shimoliy va Markaziy Osiyoning ko'p tomonlama forumi bo'lib o'tdi.

            Forumda 9 tа mamlakatdan 80 ga yaqin vakillar ishtirok etdi. Jumladan: Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston, shuningdek, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, YIK (Yevropa iqtisodiy komissiyasi) va BMTning ixtisoslashgan agentliklarining vakillari qatnashdi.

Mazkur forumda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasining Ta`lim, sog`liqni saqlash, fan va innovatsiya sohalarida statistik kuzatuvlar bo`limi boshlig`i Jahongir Qambarov ishtirok etdi.

ESCAP ma'lumotlariga asoslanib, forumda, subregiondagi davlatlar o'ta qashshoqlik va ochlikka barham berish va sifatli ta'lim berishga muvaffaq bo'layotganligi qayd etib o`tildi. Bir qator Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishda umumiy rivojlanish Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha yaxshi, xususan: toza suv va sanitariya, tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar borasida so`z bormoqda. Shu bilan birga, gender tenglik, fuqarolarning munosib mehnatini ta'minlash va barqaror shaharlarni yaratish kabi maqsadlarga erishish uchun shoshilinch choralar ko'rish kerak.

Forumda BMT Bosh kotibining o`rinbosari, Osiyo va Tinch okeani bo'yicha ESCAP ijrochi kotibi Armida Salsiu Alisjabanning video murojaati namoyish etildi. U BRMga erishish yo`lida rivojlanishini jadallashtirish uchun uchta muhim yo'nalishini qayd etdi.

Birinchi – ijtimoiy himoya, umumiy sog'liqni saqlash, nisbatan toza energiya va iqlimga mos barqaror infratuzilma bilan ta`minlashga qo'shimcha investitsiyalarni jalb qilish.

Ikkinchi – gender tengligi masalalariga e'tiborni qaratish.

Uchinchi – havo ifloslanishi xavfini yo'q qilish orqali shaharlarni barqarorlashtirish.

Mamlakatlar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning hozirgi holatini muhokama qildilar. Shuningdek, eng muhim maqsadlarga erishishni jadallashtirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab oldi.

Tadbir natijalari keyingi Osiyo va Tinch okeani barqaror rivojlanish forumida taqdim etiladi.

Axborot xizmati