21/08/2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-son qarori ijrosini o‘z vaqtida va to‘liqligicha ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 avgustda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘rsida”gi 686-son qarori imzolandi.
Mazkur qaror 13 ta banddan iborat bo‘lib, institut faoliyatini davr talabiga mos ravishda sifat jihatidan qayta tashkil etish mazmunan qamrab olingan. Zero shtat jadvalida o‘zgarish bo‘lmasada, ammo professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy xodimlarning funksional vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqilishi talab etilgan. Alohida qayd etish joizki, institut  tuzilmasida davr talabidan ortda qolayotgan ayrim bo‘limlar bartaraf etilib, ularning o‘rniga xalqaro andozalarga javob beradigan bo‘limlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, kadrlar malakasini oshirishning intensiv hamda moliyaviy mablag‘lardan samarali foydalanishga xizmat qiladigan Masofaviy o‘qitishni amalga oshirish guruhi shakllantirildi. Shuningdek, butun statistika tizimini xalqaro voqeyliklar bilan ta’minlab turishga xizmat qiladigan Xalqaro va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tashkil etildi. Ushbu bo‘limning tashkil etilishi statistika institutlari va butun statistika tizimini xalqaro innovatsion yangiliklar bilan ta’minlab turish imkoniyatini kengaytiradi.
Biz nafaqat xorijiy tajribalarni o‘rganish va tahlil etish, balki bizda shakllangan innovatsion-ilmiy yutuqlarni ham keng ommaga yetkazish maqsadida institut tarkibida ilk bor “O‘zbekiston statistika axborotnomasi” elektron ilmiy jurnal tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, joriy yil 1 oktabrdan boshlab, Institut huzurida “Ekonometrika va statistika” va “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha ilmiy kengash hamda 2020 yildan 08.00.06 – “Ekonometrika va statistika” va 08.00.14 – “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch doktorantura va doktorantura tayyorlash belgilab berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi imzolangan qaror bevosita statistika tizimi va bilvosita ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni davr talabiga mos ravishda izchil rivojlanishiga qulay imkoniyat yaratadi.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech