20/08/2019

2019-yilning 20-avgust kuni Milliy matbuot markazida “Ochiq ma`lumotlar portalini rivojlantirish, mamlakatning investitsiya ko`rsatkichlari tahlili” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati, Toshkent shahri va Toshkent viloyat statistika boshqarmalari vakillari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi o`qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan, Davlat statistika qo`mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portali (data.gov.uz)da o`z vaqtida aks ettirilishi bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas`ul etib belgilandi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, mazkur qarorning 4-ilovasiga asosan, alohida tarkibiy indikatorlar bo`yicha Statistika salohiyati indeksida mamlakatning o`rnini yaxshilashga oid «Yo`l xaritasi» tasdiqlandi.

Shu bilan birga, Davlat statistika qo`mitasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

- O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portalida joylashtirishning aniq muddatlari va shakllarini belgilagan holda ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini tasdiqlash;

- Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ochiq ma`lumotlarning joylashtirilishi va muntazam yangilab turilishi ustidan doimiy monitoring qilinishini ta`minlash;

- Xalqaro ma`lumotlar bazalarini qo`shimcha ravishda o`rganib chiqish va axborotning yangi parametrlarini ishlab chiqish choralarini ko`rib, keyinchalik ularni ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatiga kiritish;

- O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasining 2020-yildan boshlab «Ochiq ma`lumotlar global indeksi» va «Ochiq ma`lumotlar barometri» xalqaro reytinglarida ishtirokini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash kabi masalalar shular jumlasidandir.

Mazkur qarordan kelib chiqib, Ochiq ma`lumotlar puxtaligi modeli («Open Data Maturity Model») hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish hamda natijalarni har chorakda O`zbekiston Respublikasi Ochiq ma`luotlar portalida e`lon qilib borish vazifasi belgilangan.

Ochiq ma`lumotlar to`plamining umumlashtirilgan ro`yxati 3 tilda ya`ni, o`zbek, rus va ingiliz tillarida portalda joylashtirish muddatlari va shakllarini belgilangan holda ishlab chiqildi va 2019-yil 31-may sanasida tasdiqlandi, 2016-yilda tasdiqlangan ro`yxatdagi ma`lumotlar to`plami 232 tani tashkil qilgan bo`lsa xalqaro tajribalar va ma`lumotlar bazasini o`rganish natijasida ishlab chiqilgan yangi ro`yxatdagi ma`lumotlar to`plamlari 1473 taga yetkazildi.

Olib brilayotgan keng ko`lamli investitsion muhitni yaxshilashga qaratilgan islohotlar natijasida joriy davrda asosiy kapitalga investitsiyalarning hajmi 85,8 trln. so`mni tashkil etgan holda  o`tgan yilning mos davriga nisbatan keskin o`sish, ya`ni 58,9 % ga o`sish kuzatildi.

Joriy davrda markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalarning ulushi o`tgan yilning mos davrigagi ulushiga qaraganda 11,6 % punktga ko`payib, 31, % ni  yoki 26841,3 mlrd. so`mni tashkil etdi.

2019-yilning 6 oyi mobaynida o`zlashtirilgan to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar hajmi jadal o`sib, 14389,7 mlrd. so`mni tashkil etdi. Bu 2018-yilning mos davridagi jami asosiy kapitaldagi ulushga nisbatan 5,1 % punktga ko`payib, 16,8 % ni tashkil etdi.

Matbuot anjumani yakunida davlat statistika organlarida amalga oshirilayotgan ishlardan ko`zlangan asosiy maqsad, O`zbekiston Respublikasida bo`layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlar va islohotlar to`g`risidagi ochiq va haqqoniy ma`lumotlarni xalqaro tashkilotlarning ma`lumotlar bazalarida hamda yetakchi xalqaro reytinglarda aks ettirilishini ta`minlash ekanligi alohida e`tirof etildi.

Matbuot anjumanida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi.

 

 

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech