31/07/2019

2019 yilning 30 iyul kuni soat 15:00da Milliy matbuot markazida “Mamlakat statistika salohiyatini yuksaltirish va milliy statistikaning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati, Toshkent shahri va Toshkent viloyat statistika boshqarmalari vakillari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, mamlakatimiz iqtisodiyotida va ijtimoiy hayotida muhim o‘zgarishlar va keng qo‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotimizning boshqa tarmoqlari qatorida statistika sohasi ham tubdan isloh qilinib, unga xalqaro standartlar va ilg‘or jahon tajribasi keng tatbiq etilayapti.

Xususan, 2017 yil 31 iyulda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3165-son qaror, 2017 yil 12 aprelda "O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha iqtisodiy va moliyaviy ma’lumotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyish, 2019 yil 5 fevralda  "O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi PF-5655-son  farmon va 2019 yil 9 aprelda “Davlat boshqaruvining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, shuningdek, mamlakat statistika salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-4273-son qarorlar qabul qilindi.

Ushbu hujjatlarning amalda ijrosini ta’minlash yuzasidan 10 dan ortiq hukumat me’yoriy hamda 30 ga yaqin idoraviy hujjat qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Shuningdek, mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlar tizim oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash boraborida, statistika sohasining jamoatchilik, xalqimiz va xalqaro tashkilotlar oldida ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Statistik ma’lumotlarni tarqatish bo‘yicha cheklovlar olib tashlandi, materiallarni e’lon qilishda dolzarblik masalasiga alohida a’tibor qaratilmoqda.

Statistik metodologiyani takomillashtirish va xalqaro andozalarga moslashtirish borasida ham keng qo‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu ishlarga jahon miqyosida yetakchi hisoblangan  xalqaro tashkilotlarning ekspertlari jalb etilgan.

Mamlakatimiz statistik ko‘rsatkichlarini jahon miqyosida to‘g‘ri va to‘liq aks ettirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 12 ta nufuzli xalqaro tashkilotning 28 turdagi savolnomasi asosida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining kengaytirilgan ma’lumotlarni tarqatish umumiy tizimiga ulanildi. Mazkur tizim doirasida 422 turdagi indikatorlar e’lon qilib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, televidenieda statistikaning turli sohalari bo‘yicha muntazam ijtimoiy-iqtisodiy roliklar namoyish etilayapti. Gazeta va jurnal, internet-saytlarda maqolalar chop etilmoqda.

Axborot xizmati tomonidan yil boshidan buyon sanoat, korxona va tashkilotlar, infliyatsiya, xizmatlar, qurilish va investitsiyalar, tashqi savdo ko‘rsatkichlari hamda davlat rahbarining hududlar va xorijiy mamlakatlarga tashriflari bo‘yicha 50 dan ortiq infografika roliklari “O‘zbekiston – 24”, “O‘zbekiston”, “O‘zreport” telekanallarida doimiy tarzda efirga uzatilib kelinmoqda.

“Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo”, “Pravda Vostoka”, “Iqtisodiy gazeta”, “Hurriyat”, “Jamiyat”, “Ishonch”, “Oila davrasida” va boshqa qator nashrlarda 50 dan ortiq statistik ko‘rsatkichlar aks etgan materiallar chop etildi.

Joriy yilning 6 oyi mobaynida Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida eng ommabop internet saytlarida 250 dan ortiq yangiliklar yoritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka targ‘ib etish maqsadida doimiy tarzda televidenie, radio, gazeta va internet saytlarida 570 dan ortiq chiqishlar qilindi.

Qo‘mitaning Narxlar statistikasi boshqarmasi tomonidan Respublika markaziy dehqon bozorlarida sotilayotgan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosiga oid haftalik yangiliklar muntazam ravishda internet saytlar va telekanallar orqali foydalanuvchilar e’tiboriga havola etib kelinmoqda.

2019 yilning yanvar-iyul (30.07.2019 yil holatiga) oylarida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 201 ta turli statistik-tahliliy materiallar, jumladan, 111 ta press-reliz, 68 ta tahliliy axborot va ma’lumotnoma hamda 20 ta yillik tahliliy material chop etildi. 

Press-konferensiyada qayd etildiki, Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati tomonidan har oyning yakuni bo‘yicha oylik press-relizlar qo‘mitaning www.stat.uz rasmiy saytida, infografika roliklari ko‘rinishida “O‘zbekiston 24” teleradiokanali hamda Davlat statistika qo‘mitasining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi va Telegram messenjer (UZSTAT)dagi guruhi orqali foydalanuvchilar e’tiboriga havola etib kelinmoqda. Xususan, “Facebook” sahifasida  600 dan ortiq hamda “Telegram” guruhida 977 ta yangiliklar va infografika roliklari joylashtirildi.

Shu bilan birga, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilayotgan seminar va davra suhbatlarida ham mamlakatimizning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga oid statistik ma’lumotlar e’lon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Matbuot anjumanida Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berdi.

 

Axborot xizmati