24/07/2019

Demokratik jamiyat qurish mamlakatimiz aholisining ijtimoiy faolligining o‘sishi bilan uzviy bog‘liqdir. Ayniqsa aholining qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonida ishtirok etishi, respublika hayotining turli sohalaridagi muammoli masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishi, mamlakat rahbariyati e’tiborini har bir aholiga tegishli bo‘lgan dolzarb masalalarga qaratishi va hokazo.

Doimo aholining barcha qatlamlari diqqat markazida bo‘lib kelgan ushbu dolzarb masalalardan biri bu birlamchi zarur tovarlar narxining ko‘tarilishidir. Non, shakar, sariyog‘, un, go‘sht va boshqa mahsulotlar narxlarining ko‘tarilishi har bir insonning qiziqishlariga ta’sir etmay qolmaydi. Ushbu qiziqish nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki, dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari fuqarolari uchun ham xosdir.

So‘nggi paytlarda respublikamiz keng jamoatchiligi orasida go‘sht narxlarining ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyat faol muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur masala yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar e’lon qilinishi, tematik ko‘rsatuvlarning efirlarga uzatilishi, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralar olib borilishi shular jumlasidandir. Bunday munozaralarda har bir tomon masala yuzasidan o‘z fikrlarini yoki qarashlarini bildirishga haqlidir, garchi ular rasmiy nuqtai nazardan mos kelishi yoki farq qilishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda ham.

Ushbu masalani tartibga solishga ko‘mak berish va ob’ektiv nuqtai nazarni shakllantirishga yordam berish uchun O‘zbekiston Respublikasi  Davlat statistika qo‘mitasi quyidagilarga oydinlik kiritadi:

Bozor iqtisodiyotining asosiy qoidalaridan biri bu – hukumat rasmiylarning  bevosita aralashuvisiz erkin narxlarning shakllanishidir. Bozor sharoitida narxlar talab va taklif qonuniyati asosida shakllanishi kerak. Istisno tariqasida monopolist korxonalar mahsulotlari va ba’zi hayotiy zarur bo‘lgan mahsulotlar narxlari ehtimoldan holi bo‘lishi mumkin (masalan, ba’zi dori-darmonlar va boshqalar).

Bozor sharoitida narx belgilash ikki tomonning ishtirokini o‘z ichiga oladi: talab tomoni (iste’molchilar) va taklif tomoni (sotuvchilar). Ushbu vaziyatda talab va taklifning kesishish nuqtasi muvozanatli bozor bahosi bo‘lib hisoblanadi. Narxlarning aniqlanishidagi bunday yondashuv nafaqat go‘sht mahsulotlariga, balki boshqa mahsulotlarga ham tegishlidir. Oddiy misol: saqlash uchun bardoshli bo‘lmagan mahsulotlar narxi shular jumlasidandir (pomidor, rezavorlar va boshqalar). Kun davomida bir nafar sotuvchida aynan bir turdagi mahsulot narxlari sezilarli darajada tebranishi mumkin. Shunday qilib, ertalabki va kun davomidagi narxlar kun ohiridagi narxlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi mumkin (“kechki bozor”).

Narxlarni qat’iy nazorat qilish maqsadida “yuqoridan belgilangan” narxlar (masalan, mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan) iqtisodchilarning xulosalariga ko‘ra bozordagi narxlar bo‘yicha vaziyatni keskinlashtirishga va ular orasidagi nomutanosiblikni vujudga keltiradi yoki kuchaytiradi. Masalan, avtomobillar uchun taklif etiladigan yuqori narxlar unga bo‘lgan talabni narxlarning arzonlashishiga qadar sezilarli darajada pasaytirishi mumkin bo‘lsa, ijtimoiy muhim ahamiyatga ega tovarlar (shu jumladan, go‘sht mahsulotiga ham) borasida davlatning vazifasi – bozorda arzon narxlar taklifini ta’minlashga harakat qilishdir.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, asosiy turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlari holati to‘g‘risida hukumat idoralari hamda keng jamoatchilikni tezkor ravishda xabardor qilish maqsadida, statistika organlari tomonidan iste’mol bozorida narxlar monitoringi amalga oshiriladi.

2019-yilning 16-iyul kunida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha uyushgan savdo majmualari hamda dehqon bozorlarida iste’mol narxlari kuzatuvi ma’lumotlariga asosan 1 kg. mol go‘shtining o‘rtacha narxi 40 501 so‘mni, 1 kg. qo‘y go‘shti narxi 40 554 so‘mni tashkil etgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, respublikada o‘rtacha narxlar har bir hududning tovarlar va xizmatlarni iste’mol qilishga sarflanadigan xarajatlar tarkibi o‘rtacha og‘irlik sifatida shakllantirilgan ulushini inobatga olgan holda hisoblanadi.

Hududlar kesimida bir kilogramm mol go‘shti narxlari diapazoni 
34 705 so‘mdan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) 46 586 so‘mgacha (Toshkent sh.), qo‘y go‘shtining bir kilogrammi esa 31 196 so‘mdan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) 44 036 so‘mgacha (Toshkent viloyati) bo‘lgan oraliqni tashkil etmoqda.

Shunga alohida e’tibor qaratish lozimki, amaldagi usulga ko‘ra, o‘rtacha narxlarni aniqlashda ularning butun diapazoni qamrab olinishi kerak. Shu bilan birga,  narxlar darajasiga qarab aholining talab tarkibi va ayrim mahsulotlarning ommaviy iste’molini ham hisobga olish zarur. Masalan, joriy yilning 16-iyul kuni kuzatish Toshkent shahri bo‘yicha tanlab olingan savdo ob’ektlarda bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxini aniqlash uchun 32 000 so‘mdan 79 990 so‘mgacha bo‘lgan 230 dan ziyod narxlar ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, bir kilogramm go‘sht narxini hisoblash uchun jami ro‘yxatga olingan narxlarning 68 tasida 40 ming so‘mgacha, 100 dan ortiq narxlar 40 dan 50 ming so‘mgacha bo‘lgan diapazonda, 60 ga yaqin narxlar 50 ming so‘mdan yuqori va 6 tasi 70 ming so‘mdan yuqorisini tashkil etgan.

Shuni hisobga olish kerakki, o‘rtacha narx tarkibiga ko‘plab omillar, jumladan, mahsulot o‘zgarishi, narxlarni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqti, mavsumiylik, ro‘yxatdan o‘tish paytidagi talab va taklifning nisbati va boshqalar inobatga olinadi.

Shuningdek, ichki bozorlarga go‘sht mahsulotini yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyatni baholash uchun rasmiy statistik ma’lumotlarga murojaat qilish mumkin.

Shunday qilib, joriy yilning iyun oyidagi tashqi savdo statistikasi ma’lumotlariga asosan, yirik shoxli chorva mollari importi bir oy davomida       5 169 boshga yoki 21,1 %ga kamaydi (may oyida 24 549 boshdan joriy yilning iyun oyida 19 380 boshgacha). Bu davrda tirik qo‘ylar va echkilarning importi 78 158 boshdan (may oyi) 41 631 boshgacha (iyun oyi) qisqardi, ya’ni, salkam 2 marttaga. Shu bilan birga, yangi va sovutilgan yirik shoxli mol go‘shti importi 355,3 tonnadan (may oyi) 411,2 tonnagacha (iyun oyi), ya’ni, 55,9 tonna yoki 15,7% gacha oshdi. Umumiy hisobda 2019-yilning yanvar–iyun oylari davomida 1119 tonna yangi, muzlatilgan, sovutilgan yirik shoxli mol go‘shti import qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida ichki sharoitida chorva mollari va parrandalarni so‘yish, yetishtirish tirik vaznda 1 128 144 tonna (2018-yilning yanvar–iyuniga nisbatan 2,2 %ga ko‘p), so‘yish vaznida 654 323 tonnani tashkil etgan.

Taqqoslash uchun: 2018-yilning birinchi yarmida so‘yish uchun tirik vazndagi chorva hamda parranda yetishtirish hajmi 1 103 469 tonnani, so‘yilgandan keyingi vazni 640 012 tonnani tashkil etdi.

2018-yil uchun uy xo‘jaliklari budjetini o‘rganishning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada go‘sht va go‘sht mahsulotlarining o‘rtacha yillik iste’moli 1 423 704 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, aholi jon boshiga bu ko‘rsatkich yiliga 43,2 kg.ni tashkil etdi. Bunday o‘rtacha oylik iste’mol bilan birinchi yarim yillikda go‘shtga bo‘lgan ehtiyoj taxminan 711 852 tonnani             (= 1423704/2) tashkil etadi. 2019-yilning dastlabki olti oyida aholining o‘sish sur’ati bilan bu ko‘rsatkich biroz yuqori bo‘ladi.

 

Turli mamlakatlarda go‘sht iste’moli*

( 2017-yil uchun, aholi jon boshiga)

Mamlakat nomi

Go‘sht iste’moli, kg.

Rossiya

73

Avstraliya

121

Avstriya

98

Germaniya

88

Italiya

87

Gollandiya

73

Polsha

70

Fransiya

89

AQSh

118

Yaponiya

49


*) Economic Development Research Journal ma’lumotlariga asosan http://edrj.ru/article/03-06-2018

Bundan tashqari talab tarkibi bo‘yicha muhim ta’sir ko‘rsatuvchi mahalliy qayta ishlash korxonalarining go‘shtiga bo‘lgan ehtiyojni ham inobatga olish kerak. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda respublikada ishlab chiqarilgan, qayta ishlangan va konservalangan go‘shtning umumiy hajmi – 193 047,1 tonna, go‘sht va parranda go‘shti (kolbasa, dudlangan  mahsulotlar va boshqalar) tayyor mahsulotlari – 31 513,4 tonnani tashkil etgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, go‘sht narxining ko‘tarilishi bilan bog‘liq vaziyat “alohida” emas. Iste’mol narxlari indeksini hisoblash uchun ro‘yxatga olingan iste’mol narxlarini ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar–iyunida mol go‘shti (suyaksiz go‘shtidan tashqari) yarim yil davomida 17,6 % (jumladan, iyun oyida 6,0 %), suyaksiz mol go‘shti  10,4% (iyun oyida  3,6 %), qo‘y go‘shti 16,6 % (iyun oyida 6,4 %)ga qimmatlashgan. Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan davrda parranda go‘shti (son qismlardan tashqari) 10,1 %, (jumladan, iyun oyida 2,5 %), tovuq boldiri, son qismlari 5,0 % (iyun oyida 1,0 %) va tuxum narxlari 19,1 %ga (iyun oyida 2,6%) arzonlashgan.

Xulosa o‘rnida, barcha foydalanuvchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha tovar va xizmatlarning narxlari o‘zgarishi darajasi haqidagi yanada batafsil ma’lumotlar bilan Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sahifasida https://stat.uz yoki (71) 230-80-36, (71) 230-81-74 telefon raqamlariga murojaat qilgan holda ma’lumot olishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi  Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech