Hurmatli Davlat statistika qo`mitasining axborot resurslaridan foydalanuvchilar!
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi “O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 3165-son Qarorida, shuningdek, 2019-yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga Murojaatnomasida statistika organlari zimmasiga bir qator mas`uliyatli vazifalar yuklangan.
Shu munosabat bilan bugungi kunda Davlat statistika qo`mitasi tomonidan statistik ko`rsatkichlarni shakllantirish uslubiyotini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish darajasini xolis baholash imkonini beruvchi hisobot ma`lumotlarining to`liqligini ta`minlash, shuningdek, makroiqtisodiy ko`rsatkichlar, xususan, YaIM hisob-kitoblarini “Milliy hisoblar tizimi – 2008” standartiga moslashtirish bo`yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ilgari xabar berilganidek, joriy yil yanvar oyida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan uslubiy yondashuvlarni qayta ko`rib chiqish asosida 2017-yil uchun YaIM hajmini keng miqyosda qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi va bu asosan qishloq xo`jaligi tarmog`i ma`lumotlaridagi o`zgarishlar bilan bog`liqdir. Ushbu o`zgarishlar bir necha yillar davomida qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo`lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.
Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo`jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo`yicha o`rtacha yillik narxlar qayta ko`rib chiqilib, bozor narxlariga o`tkazildi. Bunda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya`ni natura ko`rinishidagi hajmlar o`zgarmadi.
2017-yil uchun ma`lumotlar qayta hisoblab chiqilgandan so`ng, qishloq xo`jaligining qo`shilgan qiymati hajmi 43,1 trln. so`mdan 91 trln. so`mga va mos ravishda, YaIM hajmi 254 trln. so`mdan 302,5 trln. so`mga (qishloq xo`jaligi hisobiga +47,9 trln. so`m va boshqa sohalar hisobiga +0,6 trln. so`m) oshdi. Shu bilan birga, qayta hisoblash natijalariga ko`ra 2017-yil uchun YaIMning o`sish sur`atlari 5,2 % dan 4,5 % gacha kamaydi. Shuningdek, YaIMning tarmoqlar bo`yicha tarkibida qishloq xo`jaligining ulushi 19,7 % dan 34,0 % ga oshdi, sanoatning ulushi 27,2 % dan 22,2 % gacha, qurilishning ulushi 6,9 % dan 5,7 % gacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2 % dan 38,1 % gacha kamaydi.
Dinamikada ma`lumotlarni solishtirish imkoniyatini yaratish maqsadida YaIMni 2010-2016-yillar uchun qayta hisoblash amalga oshirildi. Retrospektiv qayta hisoblashlarni amalga oshirishda YaIMning boshqa tarkibiy qismlariga, xususan, mahsulotlarga sof soliqlar, sanoat va xizmatlar ko`rsatish sohasining qo`shilgan qiymatiga ham aniqliklar kiritildi. Bu esa, Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma`lumotlari o`rtasida o`zaro muvofiqlikni ta`minlash maqsadida amalga oshirilganligi bilan izohlanadi.
Shuningdek, YaIMni qayta hisoblash jarayonida Xalqaro valyuta jamg`armasi ekspertlarining 2019-yil 4-15 martda o`tkazilgan milliy hisoblar statistikasi bo`yicha texnik ko`mak missiyasi doirasida uslubiy yordamlari ko`rsatildi.
O`zbekiston Respublikasi YaIMini qayta hisoblash natijalari bo`yicha solishtirma jadval
Yillar |
YaIMning nominal hajmi, mlrd. so`m |
YaIMning o`sish sur`atlari, o`tgan yilga nisbatan %da |
||||
qayta hisoblash-gacha |
qayta hisoblash-dan so`ng |
o`zgarishi (+; -) |
qayta hisoblash-gacha |
qayta hisoblash-dan so`ng |
o`zgarishi (+; -) |
|
2010 |
62 388,3 |
74 042,0 |
+11 653,7 |
108,5 |
107,3 |
-1,2 |
2011 |
78 764,2 |
96 949,6 |
+18 185,4 |
108,3 |
107,8 |
-0,5 |
2012 |
97 929,3 |
120 242,0 |
+22 312,7 |
108,2 |
107,4 |
-0,8 |
2013 |
120 861,5 |
144 548,3 |
+23 686,8 |
108,0 |
107,6 |
-0,4 |
2014 |
145 846,4 |
177 153,9 |
+31 307,5 |
108,0 |
107,2 |
-0,8 |
2015 |
171 808,3 |
210 183,1 |
+38 374,8 |
107,9 |
107,4 |
-0,5 |
2016 |
199 993,4 |
242 495,5 |
+42 502,1 |
106,2 |
106,1 |
-0,1 |
2017 |
254 043,1 |
302 536,8 |
+48 493,7 |
105,2 |
104,5 |
-0,7 |
Qayta hisoblash natijalari to`g`risidagi batafsil ma`lumotlar bilan Davlat statistika qo`mitasi saytida quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://stat.uz/uz/statinfo/milliy-hisoblar/statistik-jadvallar.
Kelgusida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan statistika uslubiyotini takomillashtirish, milliy hisoblar zamonaviy tizimining yangi qoidalarini joriy etish, shuningdek, statistika ma`lumotlarida va ularni hisoblash uslubiyotida bo`layotgan o`zgarishlarni muntazam va batafsil yoritib borish ishlari davom ettiriladi.
Davlat statistika qo`mitasi Axborot xizmati