1-2 iyul kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi statistika qo‘mitasi tomonidan Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil ma’lumotlari asosida Xalqaro taqqoslash dasturida (XTD - 2017) eksperimental ishtiroki bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Ishchi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Mamirov, Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov hamda Iste’mol va ishlab chiqaruvchilar narxlari statistikasi bo‘yicha yig‘ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Dalievlar ishtirok etishdi.
Ishchi uchrashuvning maqsadi XTD - 2017 uchun zaruriy statistik ma’lumotlarni shakllantirish bilan bog‘liq joriy masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni olib borish hisoblanadi.
Ishchi uchrashuvda 2017-yil uchun iste’mol tovarlari va xizmatlarining o‘rtacha yillik narxlari, shuningdek, xalqaro taqqoslashda zarur bo‘ladigan birlamchi guruhlar bo‘yicha dezagregatsiya qilingan yalpi ichki mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishchi uchrashuvda MDH statistika qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi o‘rtasida O‘zbekistonning XTD - 2017 da eksperimental ishtiroki doirasida kelgusidagi vazifalar aniqlandi va kelishib olindi.
Axborot xizmati