2019 yilning 25 iyun kuni soat 15:00da Milliy matbuot markazida “Xizmat ko`rsatish sohasi rivojlanish tendensiyalarining statistik tahlili, ko`rsatilayotgan xizmatlarning statistik hisobi va takomillashtirish yo`llari” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.
Tadbirda Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparati, Toshkent shahri va viloyati statistika boshqarmalari vakillari, Davlat statistika qo`mitasining Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi o`qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, xizmatlar sohasi – korxona, tashkilot hamda jismoniy shaxslar tomonidan ko`rsatiladigan turli xizmat turlarini takror ishlab chiqarishni o`z ichiga olgan jamlanma sohadir. Xizmatlar iste`molchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) xolatini o`zgartiruvchi yoki tovarlar, xizmat va moliyaviy aktivlar bilan ayirboshlashiga ko`maklashadigan ishlab chiqarish faoliyatining natijasi hisoblanadi.
Matbuot anjumanida qayd etildiki, 2018 yil natijalariga ko`ra bozor xizmatlarining hajmi o`tgan yilga nisbatan 8,4 foizga o`sgani va 146836,3 mln. so`mni tashkil etgani qayd etildi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga ko`rsatilgan xizmatlar hajmi 4455,6 ming so`mni (o`sish sur`ati 106,6 foiz) tashkil etdi.
Xizmatlar hajmining oshishini qator omillar ta`siri bilan izohlash mumkin. Jumladan, bozorda yangi xizmat turlarining paydo bo`lishi, internet-savdo, yangi savdo-sotiq markazlarining ochilishi, ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar, ta`lim sohasidagi korxonalar xizmatlarining kengayishi, ko`ngilochar xizmatlar va boshqalarning paydo bo`lishidir.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yil yanvar–may oylarida ko`rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 68634,9 mlrd. so`mga teng bo`ldi. Uning nominal hajmi 13405,5 mlrd. so`mga oshdi. Taqqoslama ekvivalentda o`tgan yilning shu davriga nisbatan o`sish 13,2 foizni tashkil etdi.
2019 yilning yanvar–may holatiga ko`ra, ko`rsatilgan xizmatlar hajmining o`sishiga transport xizmatlari (20217,6 mlrd. so`m), savdo xizmatlari (17344,7 mlrd. so`m), moliyaviy xizmatlar (12292,7 mlrd. so`m) kabi xizmat turlarining o`sishi ta`sir ko`rsatdi.
Joriy yil yanvar–may oylarida moliyaviy xizmatlarning o`sish sur`ati 159,5 % ni tashkil etdi. Shu bilan birga, eng yuqori o`sish sur`atlari me`morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar (129,9 %), ta`lim sohasidagi xizmatlar (121,0 %), shuningdek, sog`liqni saqlash sohasidagi xizmatlarda (118,0 %) qayd etildi.
Transport xizmatlarining eng katta ulushi avtomobil transportida yuk va yo`lovchilarni tashish bo`yicha xizmatlarga to`g`ri keladi. Bu transportning harakatchanligi hamda havo va temir yo`l transporti bilan solishtirganda xizmatlar narxining nisbatan arzonligi bilan izohlanadi.
Shu yil yanvar–may oylarida savdo xizmatlari hajmi 17344,7 mlrd. so`mga teng bo`ldi. Ko`rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmidagi ulushi 25,3 % ni tashkil etdi.
2019 yil yanvar–may oylarida aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining hajmi 3849,7 mlrd. so`mga teng bo`ldi. O`tgan yilning mos davriga nisbatan ushbu turdagi xizmatlarning o`sishi 7,8 % ga etdi. Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmida telekommunikatsiya xizmatlari (simli va mobil aloqa xizmatlari, internet tarmog`i, yo`ldoshli aloqa xizmatlari va boshqalar) katta qismni egallab, uning ulushi 83,1 % ni tashkil etadi. Telekommunikatsiya xizmatlarining eng yuqori ko`rsatkichlari Jizzax (99,1 %), Sirdaryo (98,0 %) va Samarqand (97,8 %) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahri nisbatan past ko`rsatkich 70,6 % qayd etdi. Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari umumiy hajmida nashriyot xizmatlari 5,5 %, kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish xizmatlari va boshqa yordamchi xizmatlar – 5,0 %, dasturlar tuzish va teleradioeshittirishlar bo`yicha xizmatlar – 2,9 %, axborot sohasidagi xizmatlar – 2,9% ni tashkil etadi.
Televidenie dasturlari ishlab chiqarish, ovoz yozish va musiqa asarlarini nashr qilish bo`yicha xizmatlari aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining umumiy hajmida eng kam ulushni 0,6 % ni tashkil etadi.
Shu yil yanvar–may oylarida ta`lim sohasidagi xizmatlar hajmi 2384,9 mlrd. so`mga yetib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan o`sish 21,0 % ni tashkil etdi. Ta`lim sohasidagi xizmatlarning eng katta hajmi Toshkent shahrida qayd etildi. Buning sababi, ta`lim muassasalarining katta qismi poytaxtda joylashganidir. Ta`lim sohasidagi xizmatlarning yuqori o`sish sur`ati Xorazm viloyatida 153,9 % ni tashkil etdi.
Bundan tashqari, ta`lim sohasidagi xizmatlarning eng yuqori o`sish sur`atlari Buxoro (144,8 %), Jizzax (138,2 %) Sirdaryo (125,3 %), Qashqadaryo (121,1 %) viloyatlarida va Qoraqalpog`iston Respublikasida (134,7 %) qayd etildi. eng past o`sish sur`ati esa Surxondaryo viloyatida – 97,0 % qayd etildi.
Press-konferentsiyada qayd etildiki, Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi tomonidan har oyning yakunida xizmatlar sohasi ko`rsatkichlariga oid ma`lumotlar qo`mitaning www.stat.uz rasmiy saytida, infografika roliklari ko`rinishida “O`zbekiston 24” teleradiokanali hamda Davlat statistika qo`mitasining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi va Telegram messenjer (UZSTAT)dagi guruhi orqali foydalanuvchilar e`tiboriga havola etib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy o`quv yurtlarida o`tkazilayotgan seminar va davra suhbatlarida xizmatlar sohasi ko`rsatkichlariga oid ko`rsatkichlar, ma`lumotlar e`lon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Matbuot anjumanida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berdi.
Axborot xizmati