Shu yilning 18–19 iyun kunlari Moskva shahrida MDH davlatlarining statistika organlari vakillari uchun o‘quv kursi tashkil etildi. Tadbir MDH statistika qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazildi.
Xalqaro seminarda Davlat statistika qo‘mitasidan Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i SH.Djanadilov hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va interaktiv davlat xizmatlari boshqarmasi boshlig‘i SH.Odilov ishtirok etdi.
O‘quv kurslarida MDH statistika infrastrukturasini takomillashtirish va MDH statistika qo‘mitasi veb portalini ishlab chiqish masalasida keng tushuncha berildi. Shuningdek, MDH davlatlari statistika ma’lumotlarini veb portali yordamida to‘plash, qayta ishlash, tahlil qilish va jamlanma hisobotlar tayyorlab, qo‘mita veb saytiga joylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Seminar qatnashchilari portalni ishlab chiqqan “Sistematika” kompaniyasi xodimlari tomonidan namunaviy statistik ma’lumotlarni tahlil qilish va vizualizatsiya qilish asosida hisobotlar tayyorlash jarayoni bilan ham keng tanishdi.
O‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikma, tajribalardan foydalanib, Davlat statistika qo‘mitasida ham xalqaro tashkilotlarga statistik ma’lumotlarni taqdim etish uchun yagona ma’lumotlar bazasini tashkil etish imkoniyati mavjud. Xususan, qo‘mita rasmiy veb saytida ma’lumotlarni SDMX formatida joylashtirish va xalqaro statistik tashkilotlar bilan ma’lumotlar almashish uchun integratsiyani yo‘lga qo‘yish; saytda taqdim etilayotgan statistik ma’lumotlarni animatsion grafiklar va diagrammalar bilan boyitish hamda shu orqali foydalanuvchilarga grafiklarni yanada qiziqarliroq shaklda ko‘rsatib berish mumkin. Saytdagi tadbirkorlar shaxsiy kabinetini MDH statistika qo‘mitasi veb portali ishlab chiqilgan texnologiya asosida takomillashtirish mumkin.
Davlat sitatistika qo‘mitasi Axborot xizmati