Joriy yilning 3-5 iyun kunlari Ukrainaning Kiyev shahrida Yevropa erkin savdo assosiasiyasi va Islandiya statistikasi boshqarmasi hamkorligida statistika hodimlari uchun o‘quv qursi tashkil etildi. O‘quv kursida Ukraina davlati statistikasi xizmatlari va barcha MDH davlatlarining statistika organlari vakillari ishtirok etdi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan – Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Djanadilov hamda tabdirkorlik sub’ektlarini tizimli statistik kuzatuvlari bo‘limi boshlig‘i M.Satimov ham qatnashdi. Shu munosabat bilan kurs davomida o’zlashtirilgan bilim va tajribalarni statistika tizimi xodimlariga etkazish maqsadida joriy yilning 21 iyun kuni Davlat statistika qo`mitasida davra suhbati bo’lib o’tdi.
Davra suhbatida R dasturi va uni statistika tizimida ma’lumotlarni tayyorlash, tahlil qilish va qayta ishlashda foydalanishning ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, R dasturlash tili va GSBPM modeli bilan tanishtirish hamda foydalanuvchilar uchun zarur bo‘lgan chiquvchi statistik ma’lumotlarni yaratish, tahlil qilish, qayta ishlash va sifatini nazorat qilishda R dasturlash tilidan foydalanish, rasmiy statistik ma’lumotlar yaratish imkonini beruvchi R paketi va funksiyalarini ko‘rsatib berish bo‘yicha ham zaruriy ma’lumotlar berildi. Davra suhbati asosan tanlanma kuzatuvlar asosida to‘plangan ma’lumotlar massivini R dasturlash tili yordamida qayta ishlash, tahlil qilish va hisobotlar tayyorlab veb-saytga joylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berishga qaratildi
Davra suhbati jarayonida qo’mita xodimlari uchun qiziqarli bo’lgan barcha savollarga javoblar berib o’tildi.
Axborot xizmati