19/06/2019

2019 yilning 10-15 iyun kunlari OTB tomonidan Jakarta shahrida (Indoneziya) iqtisodiy globallashuv statistikasi bo'yicha mintaqaviy seminar hamda qiymatlarning yaratilish zanjirini shakllantirish bo'yicha konferensiya tashkil etildi.

Seminarda Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridan (O'zbekiston, Xitoy, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bruney, Indoneziya, Laos, Mongoliya, Pokiston, Shri-lanka, Afg’oniston, Gruziya, Ozarbayjon, va Armaniston) 86 nafar mutaхassislar ishtirok etdilar.

Mazkur seminar milliy hisoblar, resurslar va ishlatilish jadvallari hamda хarajatlar va ishlab chiqarish jadvallarini tuzuvchilarning o'zaro tajriba almashishlari maqsadida o'tkazildi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki mutaхassislari tomonidan matrisa algebrasi bo'yicha tahliliy ma'ruzalar hamda katta hajmdagi axborotlar bilan ishlash imkonini beruvchi “R-studio” dasturi bo'yicha taqdimotlar qilindi.

Ushbu seminarda O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi Xarajatlar va ishlab chiqarish statistikasi bo'limi boshlig’i Zuhra Mamadjanova va Joriy hisoblar bo'limi boshlig’i o'rinbosari Jahongir Mexmonovlar ishtirok etdilar. Zuhra Mamadjanova “O'zbekiston Respublikasida “Resurslar va ishlatilish” hamda “Xarajatlar va ishlab chiqarish” jadvallari shakllanishining joriy holati” mavzusida ma'ruza qildi. Jahongir Mexmonov esa “Xususiy uy-joyida yashash bo'yicha xizmatlarni baholash uslubi” mavzusida ma'ruza qildi.

 

Axborot xizmati