17/06/2019

Davlat statistika qo`mitasi tizimi xodimlari o`rtasida “Shaxmat - 2019” sport musobaqalari tashkil etildi.

Sport musobaqalari, Davlat statistika qo`mitasi tizimi xodimlari o`rtasida sport turlarini ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport madaniyatini yuksaltirish, sportga qiziquvchanlik ruhini oshirish, ularning sport bilan shug`ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida o`tkazildi.

Mazkur sport musobaqalari ikki bosqichda tashkil etildi.

Birinchi bosqichda – joriy yilning 30 may – 7 iyun kunlari Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparatida, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalarida hamda Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazida – mazkur idoralar xodimlari o`rtasida shaxmat musobaqalari o`tkazilib, g`oliblar aniqlandi.

Ikkinchi bosqichda – Davlat statistika qo`mitasi tizimi bo`yicha o`tkazilgan birinchi bosqich musobaqalar g`oliblari ishtirokida, 2019 yil 15 iyun kuni, respublika musobaqasi tashkil etildi.

Respublika bosqichidagi sport musobaqalari, mamlakatimizda shaxmat o`yinlarini tashkil etish bo`yicha katta tajribaga ega bo`lgan “SEHRLI SHAHMAT” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan boshqarib borildi.

“Shaxmat-2019” sport musobaqasining respublika bosqichi natijalari bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi statistika boshqarmasi xodimi Abdirov Berdimurat g`oliblikni qo`lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o`rinni Davlat statistika qo`mitasi xodimi Sidikov Olimjon, uchinchi o`rinni Xorazm viloyati statistika boshqarmasi vakili Sultanmuratov Murad egalladi.

Respublika shaxmat sport musobaqasi g`olib va sovrindorlari hamda faol ishtirokchilari Davlat statistika qo`mitasi ma`muriyati va kasaba uyushma qo`mitasining diplomlari hamda qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandilar.

 

Davlat statistika qo`mitasi Axborot xizmati